«Barselona» hujumchisi Pako Alkaser faoliyatini Dortmundning «Borussiya» klubida davom ettiradi.
Kicker manbasi ma'lumotiga ko‘ra, katalonlar klubi ushbu 24 yoshli futbolchisini keyinroq sotib olish huquqi bilan bir yil muddatga 2 million yevro evaziga ijaraga berishga rozi bo‘lgan. Nemislar jamoasi mavsum yakunlangach, futbolchini 26 million yevroga transfer qilishi mumkin.
Alkaserning o‘zi faoliyatini Germaniyada davom ettirishni istagan, bu jamoa safida u doimiy ravishda Chempionlar ligasi o‘yinlarida ishtirok etishi mumkin.
Bundan avvalroq futbolchiga «Betis», «Alaves» va «Portu» klublaridan qiziqishlar mavjudligi haqida xabarlar berilgandi.
Pako Alkaser - «Valensiya» klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U bu jamoa safida barcha turnirlar doirasida 124 o‘yin o‘tkazgan va 43 gol urgan. U 2016 yil yozida «Barselona»ga o‘tgandi. U katalonlar jamoasi bilan bir marta Ispaniya chempionatida g‘olib chiqdi va ikki marta mamlakat kubogini qo‘lga kiritdi.
Kataloniya jamoasi safida jami 50 o‘yinda maydonga tushgan Alkaser 15 gol urgan. U Ispaniya chempionati doirasida 14 o‘yin o‘tkazgan, shundan faqat ikki martasida boshlang‘ich tarkibda harakat qilgan.
Hujumchi Ispaniya terma jamoasida 2014 yilda debyut qilgan. U milliy terma jamoa uchun jami 13 o‘yinda maydonga tushib, 6 gol urgan. 2016 yilgi Yevropa chempionati saralashida u 5 golga mualliflik qilib, eng yaxshi to‘purar bo‘lgandi, ammo u turnirga olib ketilmadi.













