«Barselona»ga Pako Alkaser nega kerak?

Luis Enrike o‘z karerasidagi (aftidan) so‘nggi El Klasikoga Neymarsiz yetib keldi — braziliyalik futbolchining hakam sha'niga sarkastik chapak chalishi uch o‘yinga diskvalifikatsiya, jumladan, El Klasikoni o‘tkazib yuborishi bilan yakun topdi. Uning o‘rniga chiqarilgan Pako Alkaser hamkorlarini mutlaqo his qilmas, maydonning qay qismida bo‘lishi yaxshiroq ekanligini bilmas edi.

Lucho undan qayerda foydalanishi ma'qul ekanligiyam noaniq edi — qanotlar uchun u juda yiriklik qiladi, markazda esa undan bir necha barobar yaxshiroq «qotil» Suares bor. O‘yin davomida Alkaserda o‘zi bor-yo‘g‘i birgina vaziyat bo‘ldi, o‘shanda ham hujumchi to‘pni darvozabonga qarata tepdi. Albatta, «Barselona»ni uning ikki mavsum ketma-ket 10dan ziyod gollari va zaxira o‘rindig‘ida yalpayib olmaslikka tayyorligi qiziqtirgandir, lekin shoshilinch vaziyatlar uchun undan ishonchliroq futbolchi olinishi kerak edi.

Jin ursin, hakamlarga nima bo‘lgan?

Buni faqtgina videotakrorlarning yo‘qligi bilan tushuntirmaslik kerak. Bu hafta hakamlar borasida ko‘p bahs-munozaralar bo‘ldi. Avvaliga «Real»ning «Bavariya»ga qarshi o‘yinida Kashshai, keyin «Ural»ning «Zenit-Arena»da chavaqlanishi, endi esa Klasiko.

Umtiti tomonidan Ronalduga nisbatan ishlatilgan folni o‘yin starti bilan oqlash mumkin — Ernandes o‘yinni eng boshidan sindirib qo‘yishni istamadi. Biroq, keyin laynsmenlar «Real»ning golida ofsaydni (Ramos to‘g‘ri vaziyatda edi, qolgan ikkitasi-chi?) va Messining yuziga Marselo tirsak qo‘yganini ko‘rmay qolishdi. Hakamlar El Klasikoda bosh qahramon bo‘lishdan juda qo‘rqishadi — Kazemiroga qizil kartochka berilmaganini faqatgina shu bilan tushuntirish mumkin.

Nega Zidan hali tayyor bo‘lmagan Beylni tushirdi?

O‘yingacha 7 soat qolganda Gilem Balage (Messi haqida tarjimai hol yozgan yozuvchi) hammani ishontirdi: Garet tayyor bo‘lgan paytda doim maydonga tushgan, hozir esa unda hammasi joyida, deya.