Rossiya prezidenti Vladimir Putin 1-oktabr kuni «Rossiya» milliy markazida «Valday» xalqaro munozara klubining yalpi sessiyasida nutq soʻzladi. RBK nashri asosiy iqtiboslarni keltirdi.

U xalqaro vaziyatning keskinlashuvi va sunʼiy intellektning rivojlanish xavflari haqida ogohlantirdi, shuningdek, NATOga yuborilgan xatlarning maʼnosini tushuntirdi va qurolli qarama-qarshilik qoidalari masalasini koʻtarishga chaqirdi.

Dunyodagi vaziyat haqida

  • Putin oʻz nutqini «koʻpgina eski huquq normalari bekor qilingan, yangilari esa hali paydo boʻlmagan» sharoitda global tinchlik va xavfsizlikni saqlashga chaqiriq bilan boshladi. Uning taʼkidlashicha, oʻzgarishlar barcha sohalarda, jumladan, texnologiyalar, jamiyatning ijtimoiy tuzilishi, harbiy soahada, umumiy raqamlashtirish va iqtisodiyotda yuz bermoqda.

  • «Ertami-kechmi xalqaro vaziyat va tizim qandaydir barqaror muvozanat holatiga keladi. Albatta, bu murakkab, koʻp omilli, koʻp qatlamli jarayon boʻlib, oʻzaro murosa va bir-biriga qarab harakat etishni talab qiladi. Biroq, dunyoda qanday ssenariy amalga oshmasin, xalqaro mojarolarning davom etishi ehtimoli yuqori. Xususan, yuz berayotgan tub oʻzgarishlar va bu borada ochilayotgan imkoniyatlar yirik boʻlib tuyulgan yutuq uchun tavakkal qilishga tayyorlikni va ambitsiyalarni ragʻbatlantirayotgani, oziqlantirayotgani sababli ham shunday. Bu bahoda yanglishishni istardim, ammo bugungi kunning barqaror tendensiyalari, afsuski, aynan shunday» - dedi u.

Ukraina va Gʻarb bilan munosabatlar haqida

  • Putinning soʻzlariga koʻra, Rossiya ongli ravishda «qoʻlida qurol bilan oʻzini himoya qilishga» va «tajovuzga javob berishga» majbur boʻlgan vaziyatga qoʻyilgan.

  • «Bilaman, albatta, ekspertlar hamjamiyatining bir qismida savol tugʻiladi: mana, Rossiya tinchlik haqida gapiradi, oʻzi esa urushni boshladi. Xoʻsh, men bu haqda koʻp marta gapirganman, har holda bunday yigʻilishda yana bir marta aytaman: haqiqat qayerda? Haqiqat shundaki, biz urushni xohlamadik va biz urushni boshlamadik, balki biz bilan urushni boshladilar» - dedi u.

  • «Kuch bor - aql kerak emas» tamoyili baʼzi jahon oʻyinchilari uchun ustuvordek tuyuladi, ammo bu hech qachon yaxshilikka olib kelmaydi.