Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 7 oktabrdagi «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 274-son qaroriga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.
Hujjat bilan fuqarolar yig‘inining to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish masalalari bo‘yicha komissiyasi to‘g‘risidagi Namunaviy nizom tasdiqlanishi mumkin.
Nizomga ko‘ra, komissiyaning maqsadi tegishli hududda to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solishdan iborat.
Quyidagilar komissiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
tegishli hududning mahalliy urf-odatlari va an'analaridan kelib chiqib, oilaviy tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solishga qaratilgan qoidalarni belgilash bo‘yicha fuqarolar yig‘ini kengashiga takliflar kiritish;
oilaviy tadbirlar o‘tkazilishiga mas'ul davlat va jamoat tashkilotlariga ko‘maklashish;
oilaviy tadbirlarni o‘tkazish bilan bog‘liq milliy va diniy qadriyatlarga, axloq qoidalariga zid bo‘lgan marosimlar, nomaqbul odatlar va ularning salbiy oqibatlari to‘g‘risida targ‘ibot ishlarini olib borish;
to‘y egalari tomonidan milliy urf-odat va an'analarni mensimaslik, shuhratparastlik, isrofgarchilik holatlariga yo‘l qo‘yilayotgan xatti-harakatlarni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish;
oilaviy tadbirlarni o‘tkazishda xalqimiz ma'naviyati va turmush tarziga, yoshlarimiz tarbiyasiga salbiy ta'sir ko‘rsatadigan, ortiqcha sarf-xarajatlarga sabab bo‘layotgan, to‘ydan oldin va keyin o‘tkaziladigan turli xil tadbirlarning oldini olish choralarini ko‘rish;
oilaviy tadbirlarning ortiqcha sarf-xarajatga sabab bo‘luvchi yangi turlarining o‘ylab topilishini oldini olish;
jamiyatda ijtimoiy adolatni ta'minlash, oilalar o‘rtasida keskin tabaqalanishning oldini olish, sog‘lom oilaviy munosabatlarni shakllantirish, aholi orasida shukronalik tuyg‘ularini kuchaytirish;
oilaviy tadbirlar o‘tkazilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish.
















