O‘zbekistonning yirik shaharlarida bo‘lgani kabi Navoiy shahrida ham keng ko‘lamli qurilish-obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Bu yaxshi albatta. Ammo, shahar ko‘chalarini kengaytirish rejasini amalga oshirish chog‘ida ayrim oilalarga tovon puli berish rad etilmoqda. Ularning uylari buzilgan, biroq shahar hokimligi uy o‘rniga yer berilganini aytib, tovon puli bermayapti. Kun.Uz muxbiri muammo nimada ekanini o‘rganish uchun shaharning “Yangiariq” va “Istiqlol” mahallalarida istiqomat qiluvchi aholi bilan uchrashib, ularning so‘zlariga quloq tutdi.   

“Biz tovon puli masalasida shahar va viloyat hokimligiga murojaat qildik, ammo natija yo‘q. Adliya, xalq qabulxonalari, Prezident portali kabi idoralarga murojaat qildik. Shahar hokimligi yuristi Abduvali Ahadov sudga ariza yozishimiz kerakligini aytdi. Cud muhokamalarida shahar hokimining uylarimiz buzilishga tushganiga doir qarorini ko‘rsatish talab qilindi. Biroq hokimlik yuristi qarorni olib kelmadi, aniqrog‘i bunday qaror mavjud emasligini aytdi”, - deydi murojaatchilardan biri. 

Uning aytishicha, keyinchalik ma'muriy sudga murojaat qilishni aytishgan. Ma'muriy sud ularning arizasini rad qilgan. So‘ngra ish fuqarolik sudiga ko‘chgan. Bu yerda ham hokimning uylarni buzishga doir qarori mavjud emasligi aytilib, ariza rad etilgan. 

Murojaatchilarning so‘zlariga ko‘ra, ular Navoiy shahar Xalq qabulxonasi rahbari bilan uchrashganda, u shahar hokimiga qo‘ng‘iroq qilib, nima qilish borasida maslahat so‘ragan. “U fuqarolar dardini eshitishi va imkon qadar yechimini topishi uchun shu joyga rahbar qilib tayinlangan, lekin Xalq qabulxonasi rahbarining hokimdan maslahat so‘rashini qanday izohlash mumkin”, - uysiz qolgan fuqarolardan biri Gulbahor Rashidova.

Sud mahkamasi har bir uyni buzishga doir, tovon puli miqdori va yer ajratish masalasiga oydinlik kiritilgan hokim qarorini talab qilmoqda.  

Aholi fikrlarini tinglaganimizdan so‘ng, shahar hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Ibrohim Qodirov hamda hokimlik yuristi Abduvali Ahadov bilan uchrashdik va masalaga izoh so‘radik. Bu jarayonda iltimosimizga binoan murojaatchilar o‘zlari ham ishtirok etdi.