Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Qishloq xo‘jaligida kooperatsiya to‘g‘risida”gi qonun loyihasi joylashtirildi.
Kooperativ quyidagi tamoyillar asosida tashkil etiladi va faoliyat yuritadi:
kooperativga a'zolikning ixtiyoriyligi;
kooperativning ishlab chiqarish va boshqa xo‘jalik faoliyatida ishtirok etayotgan a'zolari uchun o‘zaro yordam va iqtisodiy manfaatning ta'minlanganligi;
kooperativning foyda va zararini, uning a'zolari o‘rtasida ularning shaxsiy mehnati bilan ishtiroki yoki kooperativning xo‘jalik faoliyatidagi ishtirokini hisobga olgan holda taqsimlanishi;
kooperativning xo‘jalik faoliyatida, uning a'zosi bo‘lmagan shaxslar ishtirokini cheklash;
kooperativ a'zolarini qo‘shimcha pay badali va uyushgan a'zolarni pay badali bo‘yicha to‘lanadigan dividendlar miqdorini cheklash;
kooperativ faoliyati oshkoralik asosida boshqarilishi, har bir a'zo, qo‘shgan mulkiy hissasining miqdoridan qat'i nazar, bir ovozga ega bo‘lishi;
kooperativ faoliyati to‘g‘risidagi axborotlarning, uning barcha a'zolari uchun ochiq bo‘lishi.
Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi kooperativi sifatida kooperativ a'zolarining shaxsiy mehnati bilan ishtirokiga asoslangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash va sotish hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa faoliyatlarni bajarish bo‘yicha yuridik va jismoniy shaxslarning mulkiy pay badallari ko‘rinishidagi pul mablag‘lari, yer uchastkasi, yer va mulkiy ulushlari va boshqa mulklarini ixtiyoriy birlashtirish hamda ularni kooperativning pay fondiga kiritish yo‘li bilan tashkil etilgan kooperativ tan olinadi.
Ishlab chiqarish kooperativi tijorat tashkiloti bo‘lib, belgilangan talablarga muvofiq tashkil etilgan kooperativlar ishlab chiqarish kooperativlarining turlari hisoblanadi.
Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi kooperativi a'zolari uchun uning faoliyatida shaxsiy mehnati bilan ishtirok etishlari majburiydir, bunda a'zolar ularning qanday vazifani bajarishlaridan qat'iy nazar, qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari bo‘lib hisoblanadilar.
Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi kooperativining firma nomi “qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi kooperativi” so‘zlarini o‘z ichiga olishi lozim. Qishloq xo‘jaligi kooperativining firma nomiga bo‘lgan barcha talablar tegishli qonun hujjatlari bilan belgilanadi.







