Jahon | 15:37 / 06.10.2018
12998
3 daqiqa o‘qiladi

AQShda sobiq harbiy Tramp va Putinga zaharli konvertlar jo‘natganini ma'lum qildi

Zaharli ritsin moddasi olinadigan kanakunjut urug‘lari solingan konvertlarni jo‘natgani uchun Logan shahrida qo‘lga olingan amerikalik shaxs AQSh prezidenti Donald Tramp, Rossiya rahbari Vladimir Putin va Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II’ga konvert jo‘natganini bildirdi.

Yuta shtati okrug federal sudiga kelib tushgan hujjatlardan ma'lum bo‘lishicha, Uilyam Klayd Allen ismli bu shaxs ilgari AQSh HDKda xizmat qilgan va 2002 yilda xizmatdan bo‘shagan. Uning manzili Trampga jo‘natilgan konvertda yozilgan bo‘lgan. 3 oktabr kuni FQB xodimlari Allenning uyiga kelib tintuv o‘tkazgan va uni so‘roq qilgan.

Uilyam Klayd Allen
Foto: AP

Allen Trampdan tashqari, Pentagon rahbari Jyeyms Mettis, HDK shtab boshlig‘i admiral Jon Richardson va FQB direktori Kristofer Reyga maktub jo‘natganini aytgan. U shuningdek, zaharli urug‘lar solingan konvertlar adliya vaziri, bosh prokuror, Rossiya prezidenti va Buyuk Britaniya qirolichasiga ham jo‘natilganini bildirgan.

Allen bu harakatini "maktub yuborish" istagi bilan izohlagan. Nima uchun bunday maktub yuborganiga esa izoh berolmagan. Uning aytishicha, barcha mansabdorlarning manzillarini internet orqali topgan. Urug‘larni ham internet orqali sotib olgan.

Unga zaharli moddani qo‘llash bilan tahdid qilish ayblovi qo‘yilgan. Allen ilgari ham hukumat nazoratiga tushgan. U 2015 yilda MRBga xat yo‘llab AQSh prezidentini o‘ldirishini aytgan, 2017 yilda esa AQSh HHKning Texasdagi bazasida terakt uyushtirish bilan tahdid qilgan. Har ikki holatda u bilan hukumat vakillari suhbat olib borishgan.

Seshanba kuni Pentagonga Mettis va Richardsonga jo‘natilgan maktublar kelib tushgandi. Mudofaa vazirligi xodimlari konvertlarni tekshirib ularda ritsin borligini ma'lum qilishdi. Keyinroq konvertlar ichida ritsin emas, ushbu zahar olinadigan kanakunjut urug‘i borligi ma'lum bo‘ldi.

AQSh maxfiy xizmati ham Trampga shubhali konvert kelganini bildirdi. Bundan tashqari, respublikachi-senator Ted Kruz shtabining ikki xodimi unga kelgan ichida oq kukun bo‘lgan konvertni tekshirishganidan so‘ng kasalxonaga yotqizilgandi.

Mavzuga oid