Moskva davlat universiteti va xitoylik mutaxassislar Tompakasar hamda Oltin-Asar qabristonlaridan topilgan ikkita boʻr buyumni oʻrgandi. Tadqiqot natijalari npj Heritage Science jurnalida eʼlon qilindi.

Ushbu yodgorliklar Orol dengizidan sharqda, Sirdaryoning quyi oqimida joylashgan Jetiasar madaniyatiga mansub. Hududdagi manzilgoh va qabristonlarni Xorazm ekspeditsiyasi sovet davridayoq oʻrgangan. U yerdan topilgan matolar, taqinchoqlar va metall buyumlar mahalliy aholining Osiyoning turli mintaqalari bilan aloqalari boʻlganini koʻrsatgan.

Tadqiq qilingan buyumlar vafot etganida taxminan 30–39 yoshda boʻlgan ikki ayolning qabridan topilgan. Qazishmalardan keyin ular Sharq muzeyida saqlangan.

Shunga oʻxshash boʻr boʻlaklari avval ham koʻzgu, taroq, chigʻanoq, pichoq, baʼzan esa qisqich va kichik idishlar bilan birga uchragan. Bunday buyumlar ayollarning pardoz va parvarish toʻplamiga kirgan boʻlishi mumkin. Biroq qabrlarning qadimdayoq talangani topilmalar vazifasini aniqlashni qiyinlashtirgan.

Olimlar namunalarning element tarkibini tekshirib, tuzilishini elektron mikroskopda koʻrgan, shuningdek, rentgen va spektroskopik usullardan foydalangan. Natijada asosiy modda kalsiy karbonat ekani aniqlangan.

Dengiz organizmlariga tegishli mikroskopik ohakli plastinkalar qoldiqlari buyumlar tabiiy boʻrdan tayyorlanganini koʻrsatgan. Bu jihat ularni qadimgi Xitoy kosmetik retseptlarida uchraydigan maydalangan marvarid yoki gʻorlardan olingan mineral xomashyodan farqlaydi.

Tahlil davomida 300 dan ortiq organik modda aniqlangan. Ular orasida qadimgi aralashmaning ehtimoliy tarkibiy qismlari bilan birga, keyinchalik tushgan ifloslantiruvchi moddalar ham boʻlgan.

Tadqiqotchilarni ayniqsa oʻsimliklar efir moylari tarkibida ishlab chiqaradigan terpenlar va ularga yaqin birikmalar qiziqtirgan. Aniqlangan moddalar birikmasi dolchin va shuvoqqa mos kelishi, ayrimlari esa yalpiz yoki shu oilaga mansub boshqa oʻsimliklar ishlatilganidan darak berishi mumkin.

Olimlarning talqiniga koʻra, boʻr kosmetik vositaning asosi boʻlgan, oʻsimlik qoʻshimchalari esa unga xushboʻylik va qoʻshimcha xususiyatlar bergan. Hozircha vosita teriga qanday surtilgani isbotlanmagan, qadimgi mahsulotning asl hidini ham tiklashning imkoni boʻlmagan.