Yangi robot kompaniyaning mavjud H2 platformasi asosida yaratilgan. Unitree eʼlon qilgan qisqa videoda uning jismoniy imkoniyatlari hamda odamlarni himoya qilishga qaratilgan sahnalashtirilgan vaziyatlar koʻrsatilgan.

Rolik boshida robot metall chiqindilari maydonchasidagi avtomobil tomiga chiqib, orqaga salto qiladi. Keyin tizzasi, tirsagi va mushtlari bilan mashinaga zarba beradi. Natijada eshiklar va kapotda sezilarli ezilishlar paydo boʻladi.

Shundan soʻng H2-X balandligi toʻrt metr deb koʻrsatilgan platformadan sakraydi, yerga tushgach, dumalab, yana oyoqqa turadi. Keyingi kadrlarda u sakrab tepish va salto kabi harakatlarni bajaradi.

Unitree’ning taʼkidlashicha, videoda haqiqiy sinovlar aks etgan va tasvir tezligi oshirilmagan.

Rolikning boshqa qismida qoʻriqlash va qutqaruvga oid sahnalashtirilgan holatlar namoyish etilgan. Bir epizodda robot ayol bilan qurollangan kishi oʻrtasiga turib, uni chekinishga majbur qiladi. Boshqasida yaqinlashib kelayotgan avtomobil yoʻlida turgan odamni itarib, chetga olib chiqadi.

Yana bir sahnada esa robot mashina ostidagi manekenni chiqarish uchun avtomobilning old qismini biroz koʻtaradi. Demak, videoda butun avtomobilni yerdan uzib koʻtarish emas, uning bir qismini koʻtarish koʻrsatilgan.

H2-X’ning batafsil texnik xususiyatlari hozircha toʻliq ochiqlanmagan. Kompaniya toʻliq quvvatlangan akkumulyator taxminan sakkiz soat ishlashga yetishini bildirmoqda. Biroq bu koʻrsatkich qaysi yuklama sharoitida olingani aniq emas. Uzoq yurish va shiddatli sakrashlar avtonom ishlash vaqtini qisqartirishi mumkin.

Taqqoslash uchun, oddiy H2 modeli sigʻimi 15 amper-soat boʻlgan tez almashtiriladigan bitta akkumulyator bilan taxminan uch soat ishlaydi. Yangi robotda qanday batareya yoki energiya tejash yechimi qoʻllangani haqida toʻliq maʼlumot berilmagan.

Eʼlon qilingan maʼlumotlarga koʻra, H2-X’ning boʻyi qariyb 182 santimetr, vazni esa 70 kilogramm boʻlib, bu jihatdan u bazaviy H2 modeliga mos keladi.

Robot 31 ta erkinlik darajasiga ega. Bu uning boʻgʻimlari turli yoʻnalishlarda mustaqil harakatlana olishini anglatadi. Har bir oyoqqa oltitadan, har bir qoʻlga yettitadan, bel qismiga uchta va bosh qismiga ikkita erkinlik darajasi toʻgʻri keladi.