Jahon | 08:00 / 11.10.2018
6993
2 daqiqa o‘qiladi

Vashingtonda 91 kilogrammlik bomba portlatmoqchi bo‘lgan erkak qo‘lga olindi

Foto: CBS

Nyu-York shtatida yashovchi Pol Rozenfeld AQSh poytaxti Vashingtonda portlash sodir etmoqchi bo‘lgani uchun qo‘lga olindi. U portlashni amalga oshirish uchun 91 kglik bomba yig‘gan. Bu haqda Nyu-York federal prokurori idorasi ma'lum qilgan.

Ma'lum qilinishicha, 56 yoshli Rozenfeld portlashni qur'a tashlash orqali saylash g‘oyasiga e'tibor qaratish maqsadida sodir etmoqchi bo‘lgan. Ta'kidlanishicha, bunday usul tarixda qo‘llangan: misol uchun, u qadimiy Afinada yuqori mansabdor shaxslar va qo‘shinlar qo‘mondonlari tayinlanganda qo‘llangan. Biroq hozirgi zamonda bu usul deyarli qo‘llanmaydi.  

Avgust oyida Rozenfeld pensilvaniyalik bir kishiga maktublari va sms-xabarlarida bombani yig‘ish bo‘yicha rejalari va uni 6 noyabrda, AQShda kongressga oraliq saylovlar o‘tkaziladigan kunda portlatmoqchiligini tasvirlab bergan.

Erkak 9 oktabrda qo‘lga olingan. U so‘roq vaqtida “katta portlovchi qurilma” yig‘ish maqsadida 4 kg poroxga buyurtma berganini tan olgan. Gumonlanuvchi, shuningdek, kichik o‘lchamli portlovchi qurilmalarni yig‘ish bo‘yicha tajribaga ega ekanini va bunday qurilmalarni portlatib ko‘rganini tan olgan. Rozenfeldning uyi tintuv qilinganda 91 kglik portlovchi qurilma topilgan. U xavfsiz joyga olib chiqilgan. Bundan tashqari, portlatgich va bo‘sh porox idishlari aniqlangan.

Gumonlanuvchiga portlovchi qurilmani noqonuniy yig‘ish va shtat chegarasi orqali portlovchi moddalarni tashish ayblovi qo‘yilgan. Ushbu moddalarning har biri bo‘yicha unga 10 yillik qamoq jazosi berilishi mumkin.

Mavzuga oid