O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta'lim muassasalarini o‘quv adabiyotlari bilan ta'minlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan oliy ta'lim muassasalarida foydalanish uchun xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlar ro‘yxatini shakllantirish, ularni xarid qilish va foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom;

xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlarni tarjima va tahrir qilish hamda ekspertizadan o‘tkazishni amalga oshiradigan mutaxassis va professor-o‘qituvchilar mehnatiga haq to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom;

oliy ta'lim muassasalarini o‘quv adabiyotlari bilan ta'minlash hamda darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarini yangilab borish tartibi to‘g‘risidagi nizom;

oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi tizimi uchun o‘kuv adabiyotlarini yaratishga qo‘yilgan talablar tasdiqlandi.

Belgilab qo‘yilishicha:

oliy ta'lim tizimini o‘quv adabiyotlari bilan ta'minlash mavjud bo‘lgan zarur o‘quv adabiyotlarini xarid qilish, yangilarini yaratish va belgilangan tartibda nashr qilish (foydalanilayotgan adabiyotlarni qayta nashr qilish) hamda oliy ta'lim muassasalarining axborot-resurs markazlariga joylashtirish yo‘li bilan amalga oshiriladi;

o‘quv adabiyotlarini xarid qilish hamda yaratish va nashr qilish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish aniq hisob-kitoblarga asosan har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligiga ushbu maqsadlar uchun nazarda tutiladigan Davlat byudjyeti mablag‘lari doirasida amalga oshiriladi;

o‘quv adabiyotlarini xarid qilish, yaratish va nashr qilish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish tasarrufida oliy ta'lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar, oliy ta'lim muassasalari hamda homiylar mablag‘lari hisobiga amalga oshirilishi mumkin.

Oliy ta'lim muassasalarida foydalanish uchun xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlar ro‘yxatini shakllantirish, ularni xarid qilish va foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, oliy ta'lim muassasalarida foydalanish uchun xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlar ro‘yxatini shakllantirish vazifasi tayanch oliy ta'lim muassasalari tomonidan tegishli bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining o‘quv rejalariga kiritilgan fanlar bo‘yicha quyidagi tartibda bosqichma-bosqich amalga oshiriladi:

tayanch oliy ta'lim muassasasida xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlar ro‘yxatini shakllantirish bo‘yicha rektor boshchiligida komissiya tashkil etiladi. Komissiya tarkibiga o‘quv va ilmiy ishlar bo‘yicha prorektorlar, tegishli fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, axborot-resurs markazi rahbari, oliy ta'lim muassasasining mahalliy va xorijiy hamkor tashkilotlarining vakillari hamda turdosh oliy ta'lim muassasalari mutaxassislari kiritiladi;