Oʻzbekistonning Novosibirskdagi Bosh konsulxonasi va Migratsiya agentligi vakolatxonasi mahalliy korxonalarda mehnat qilayotgan Oʻzbekiston fuqarolari bilan sayyor uchrashuvlar oʻtkazdi.
Diplomatlar non mahsulotlari ishlab chiqaruvchi «Sibpekar», meva-sabzavot mahsulotlarini qadoqlash va sotish bilan shugʻullanuvchi «Xiloks tovar bazasi» hamda metall quyishga ixtisoslashgan SIBELEKTROTERM korxonalarida ishlayotgan vatandoshlar bilan uchrashgan.
Fuqarolarga konsullik-huquqiy yordam boʻyicha maslahatlar berildi. Shuningdek, ularga koll-markazlar maʼlumotlari va diplomatik vakolatxonalar manzillari koʻrsatilgan materiallar tarqatildi.
Muloqotlarda ish haqini oʻz vaqtida toʻlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Oʻzbekiston fuqarolariga ish haqi asossiz ravishda kechiktirilsa, muammoni tezkor hal etish uchun Migratsiya agentligining Novosibirskdagi vakolatxonasiga murojaat qilish mumkinligi tushuntirildi.
Uchrashuvlar davomida ogʻir moliyaviy ahvolga tushib qolgan va Oʻzbekistonga qaytishga muhtoj boʻlgan olti nafar fuqaroga, jumladan, voyaga yetmagan bolalarga amaliy yordam koʻrsatildi. Ular uchun zarur hujjatlar rasmiylashtirilib, vatanga qaytish chiptalari taqdim etildi.
Bosh konsulxona Novosibirsk viloyatidagi Oʻzbekiston fuqarolariga hujjatlarni rasmiylashtirish, shuningdek, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda koʻmaklashishni davom ettirishini maʼlum qildi.















