O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 5 iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi” farmoni va 2017 yil 18 iyuldagi “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi” qaroriga muvofiq O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan oliy ta'lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faol a'zosi bo‘lgan talabalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risidagi nizom ishlab chiqilgan.
Unga ko‘ra, to‘lov-kontrakt asosida bakalavriat bosqichiga o‘qishga qabul qilingan talabalar 2-bosqichdan boshlab, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan to‘lov-kontraktining 35 foizini to‘lab berilishi orqali moddiy qo‘llab-quvvatlanish huquqiga ega bo‘ladilar.
Mazkur moddiy yordamga ittifoqning faol a'zosi bo‘lgan oliy ta'lim muassasalarining bakalavriat va magistratura bosqichlarida o‘rtacha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 86 foiz va undan yuqori ball to‘plagani talabalar ega bo‘lishi mumkin. Bunda ularning yoshlar Kengashi tomonidan tashkil etiladigan loyiha va tadbirlardagi faol ishtiroki, fan olimpiadalari va sport musobaqalarida erishgan natijalari, tashkilotchilik va yetakchilik qobiliyati, ilmiy va ijodiy faoliyatda erishgan natijalari, o‘qishdagi a'lo baholari inobatga olinadi.
O‘tgan yilgi to‘lov-kontrakt miqdori misolida oladigan bo‘lsak, to‘lov-kontakt 8 million 800 ming so‘m bo‘lgan bo‘lsa, uning 35 foizi 3 million 80 ming so‘mni tashkil qiladi. respublikadagi 73 ta oliy ta'lim muassasalaridagi to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faol a'zosi bo‘lgan 3279 nafar talabalardan 1967 nafariga xuddi shu to‘lov-kontrakt pulining 35 foizi to‘lab berildi.
Bu jami 4 967 915 364,95 so‘mni tashkil qiladi.
Talabalar nima deydi?

Shahzod Hasanov, Samarqand davlat universiteti Jismoniy madaniyat fakulteti 2 bosqich talabasi: — Samarqand viloyati Ishtixon tumanida tug‘ilganman. Yoshligimda otamdan ayrilib, 4 ta o‘g‘il va onam qoldik.
O‘qishga kirganimda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining faoliyati bilan tanishdim hamda Ittifoq tomonidan biz kabi talaba-yoshlarga beriladigan imtiyozlarni juda katta quvonch bilan kutib oldim. Ayniqsa, o‘zlashtirish ko‘rsatgichi 86 foiz va undan yuqori bo‘lgan hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faol a'zosi bo‘lgan talabalarning shartnoma pullarini 35 foizini O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan to‘lab berilishi men uchun juda katta imkoniyat va tayanch bo‘ldi.














