Yevropada kuchli beshlik chempionatlarida dam olish kunlarida navbatdagi tur uchrashuvlari davom etdi. «Tribuna» uikendning eng asosiy voqealarini keltiradi.

Levandovski ortidan...

Bundesliga ixlosmandlari oxirgi marta penta-trikni ikki yil oldin tomosha qilishgandi. «Volfsburg»ga qarshi o‘yinning ikkinchi bo‘limida maydonga tushgan Levandovski 6:1 hisobidagi g‘alabada o‘zining besh goli bilan ishtirok etgandi. Qizig‘i, bu safar ham, «Bavariya» «Volfsburg»ga qarshi maydonga tushgan turda bunday muvaffaqiyat takrorlandi. Lekin boshqa o‘yinda. Yozda Niko Kovach sobiq jamoasi «Ayntraxt»dan «Bavariya»ga olib kelishni juda istagan 20 yoshli serbiyalik hujumchi Luka Yovich hozirda ham frankfurtliklar jamoasi sharafini himoya qilmoqda. «Fortuna» darvozasiga beshta gol urgan Luka birato‘la bir nechta rekordni qayd etdi. U endi Bundesligada bir o‘yinda besh gol urgan eng yosh futbolchi va shuningdek, «Ayntraxt» tarixidagi yagona penta-trik sohibidir.

Luka Yovich aslida hali ham «Benfika» a'zosi hisoblanadi va Frankfurtda ijara shartnomasi asosida to‘p surmoqda. Lekin shartnomada agar nemis klubi futbolchini sotib olishni istasa, 12,5 million yevro to‘lab, bu ishni amalga oshirishi mumkinligi qayd etilgan. Hozirdan aytish mumkinki, «Ayntraxt» bo‘lajak yulduzning qayta transferidan yaxshigina daromad qilishi mumkin.

Luka Yovich
Foto: Reuters

Shuningdek, bu turda «Bavariya» ham nihoyat g‘alabali yo‘lga kirib oldi. Ammo hozircha «Borussiya»ni to‘xtatib bo‘lmayapti.

Fergyusonni sog‘inib...

Foto: Reuters

Aynan Aleks Fergyuson davrida «Manchester Yunayted» oxirgi marta «Stemford Brij»da mezbonlar ustidan g‘alaba qozongan. Bu voqea 2012 yilning kuzida sodir bo‘lgandi. Joze Mourino o‘tgan shanba kuni bu sovuq an'anani buzishga juda yaqin turgandi, ammo uning shogirdlari qandaydir soniyalargacha chiday olishmadi. Portugaliyalik mutaxassis esa, «Chelsi» yordamchi murabbiyi bilan urishib ketdi. Sarrining yordamchilaridan biri Ros Barklining 96-daqiqada urgan goliga shu qadar xursand bo‘ldiki, bir-ikki marta Mourinoni mazax qilib, uning oldidan bayramona yurish qilib o‘tdi, bu esa, Jozega yoqmadi. Xabib Nurmagomedov uslubida o‘z o‘rnidan sakrab chiqqan portugaliyalik murabbiyni qo‘riqchilar arang to‘xtatib qolishdi.