Ispaniya: Bellinghem «Real» uchun klasikoni yutib berdi

«Barselona» – «Real» 1:2 (1:0, 0:2)
Gollar: 1:0 – 6 Gundo‘g‘an, 1:1 – 68 Bellinghem, 1:2 – 90 Bellinghem.
«Barselona» – ter Stegen, Joau Kanselu (Yamal, 77), Martines, Kristensen, Arauxo, Balde, Gundo‘g‘an, Gavi, Lopes (Romeu, 72), Joau Feliks (Rafinya, 77), Ferran Torres (Levandovski, 61).
«Real» – Arrisabalaga, Karvahal, Alaba, Ryudiger, Mendi (Kamavinga, 52), Kroos (Modrich, 63), Valverde, Tchuameni, Bellinghem, Vinisius Junior (Vaskes, 90), Rodrigo (Hoselu, 63).
Ogohlantirishlar: Lopes (17), Ferran Torres (45), Karvahal (61).

Klasiko — hamisha alohida voqea. Nafaqat Ispaniya, balki butun dunyo uchun, shuning uchun Xavi bunday o‘yinlar ikki tomonda ham hayrat uyg‘otuvchi o‘yinlar bo‘lishi haqida juda to‘g‘ri so‘zlarni aytdi. Shu bilan birga, bu safar «Monjuik» stadionidagi o‘yinda kataloniyaliklar safida ham, madridliklar safida ham Kurtua, Eder Militao, Pedri va Frenki de Yong kabi yetakchi futbolchilar maydonga tusha olmasdi.

Levandovski va Kunde jarohatdan tuzalgan bo‘lsa-da, mezbonlar jamoasi bosh murabbiyi ularni bu maqomdagi o‘yinga tushirishga shoshilmadi. Tarkiblardagi tanlov imkoniyatlari cheklangani tufayli syurprizlar ham kutish o‘rinsiz edi. Mendi o‘tgan turda ham chap qanotda o‘ynagan, Arauxoning o‘ng qanotga ko‘chirilishi — uni Vinisius Juniorga biriktirish uchunoldingi klasikolarda ham qo‘llangan tajriba. O‘ng qanot himoyachisi Kanselu esa oldinroqqa chiqarilib, toza vinger sifatida tushirildi.

Qanotlarga bu qadar jiddiy e’tibor qaratilgani tufayli ilk golli hujum markazdan yuzaga keldi. Lekin bunda mezbonlarga omad ham kulib boqdi, Tshuameni Gundo‘g‘anga qayta uzatilayotgan pasni to‘xtatishga urindi, ammo undan kelgan to‘pni Alaba yana germaniyalik yarimhimoyachiga topshirdi va ko‘k-anorranglilar uydagi klasikoda 1999 yildan buyon eng tezkor golni urdi.

16 daqiqada Kroos Gavining bosimi ostida to‘p yo‘qotgach, Fermin Lopes jarima maydoniga kirib zarba yo‘lladi, ammo to‘p ustunga tegdi. 30-daqiqada Joau Feliks to‘pni Ryudigerdan olib o‘tib, darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib borayotganida esa Karvahal uning jarima maydoniga kirib borishiga yo‘l qo‘ymadi.

«Real» shundan keyin ham o‘yinini kuchaytirishga harakat qilmadi. Madridliklar dastlabki 45 daqiqalikda  golli vaziyatlarni deyarli yaratishmadi. Ryudiger uzoq masofadan zarba yo‘llab ko‘rdi, Karvahalning o‘tkir burchakdan yo‘llagan zarbasi darvoza to‘riga tashqi tomondan tegdi. Bellinghem Gavi tomonidan yaxshi qo‘riqlandi, Vinisiusning aldab o‘tishga harakatlari ko‘p holda to‘p yo‘qotilishi va uning hakamga e’tirozlari bilan yakunlandi. Madridliklar 2010 yil aprelidan buyon ilk bor birinchi bo‘limda barselonaliklar darvozasi sohasiga aniq borgan birorta zarba bera olishmadi. Gavi va Fermin maydon markazi uchun kurashda Bellinghem va Kroosdan yaqqol ustun kelishdi.