Shu haftaning o‘zida Italiya va Ispaniyada turnir peshqadamligi uchun o‘zaro to‘qnashuvlarni, shuningdek, «Old Trafford»da eski «MYu»ning qaytishini kuzatish mumkin. Qizig‘i, manchesterliklar yutsa ham, yutqazsa ham qaysidir ma’noda eski «MYu» qaytgan bo‘ladi. Londonda esa «Arsenal» qatorasiga uchinchi derbida maydonga tushsa, Birminghemda Husanovsiz «Manchester Siti» eng qiyin safar o‘yinlaridan birini o‘tkazadi.

«NAPOLI» – «INTeR» (25 oktyabr, 21:00)

Hozircha moliyaviy imkoniyatlar Italiya klublarini Yevropa miqyosda top-klublar qatoriga qo‘shishga xalaqit bersa-da, tarixan va Italiya darajasida katta klublar A Seriyada hatto Angliyadagidan ham ko‘p. Shuning uchun deyarli har hafta biz chempionlikka, yuqori o‘rinlarga da’vogar bo‘lgan jamoalarning o‘zaro to‘qnashuviga guvoh bo‘lamiz. Hatto mana shu o‘lchovlarda ham «Napoli» va «Inter» to‘qnashuvi bugungi kun nuqtayi nazaridan eng kattasi hisoblanadi. Zero, chempionlik poygasida aynan shu jamoalarni boshqalarga nisbatan favorit deb baholash uchun asoslar yetarli.

«Inter» tarkib va tajriba jihatidan hali ham Italiyaning eng kuchli klubi va Yevropada ham liga sharafini munosib himoya qilayotgan yagona klub. Milanliklar Chempionlar Ligasi finalchisi, bu yilgi musobaqada ham 100 foizlik natija qayd etib kelmoqda. «Napoli» esa amaldagi chempion. Janubliklar yozda Kevin de Bryuyne, Rasmus Hoylund kabi futbolchilar bilan yanada kuchaydi. O‘tgan mavsumda ham aynan shu ikki jamoa so‘nggi turlargacha chempionlik uchun kurashgandi.

Buning ustiga mezbonlar murabbiyi Antonio Konte yaqin o‘tmishda «Inter»da ham ishlagan va bu jamoa bilan ham chempion bo‘lgan. Ayni damda Milanning boshqa klubi chempionat turnir jadvalini boshqarib turgan bo‘lsa-da, ko‘pchilik «Napoli» va «Inter»ning salohiyatini yuqori baholamoqda va strategik jihatdan bu o‘yin ko‘proq chempionlik uchrashuvi sifatida ko‘rilyapti.

Juma oqshomida kutilmaganda turnir peshqadami «Milan» o‘z maydonida autsayder «Piza» bilan durang (2:2) o‘ynadi. Endi «Napoli» – «Inter» o‘yini g‘olibi shu  turdan keyin peshdaqamga aylanib oladi.

Qizig‘i, jamoalar o‘rtasidagi oxirgi uch o‘yin bir xil – 1:1 hisoblarida tugagan. Agar oxirgi 36 o‘yinni olsak ham qiziq simmetriyaga duch kelamiz – har ikki jamoada 12 tadan g‘alaba va yana shuncha o‘yin durang bilan yakunlangan. Shu bilan birga, oxirgi besh o‘yinda «Napoli» «Inter»ni yuta olmayapti. Bu mavsumda «Napoli» o‘z maydonida hozircha yo‘qotishsiz o‘ynamoqda, Chempionlar Ligasidagi hozircha yagona uy o‘yinida ham «Sporting» mag‘lub etildi. Lekin hafta o‘rtasida «PSV» maydonida kechgan o‘yin Antonio Konte faoliyatidagi eng yomon mag‘lubiyatlardan biri bo‘ldi. 76-daqiqada Lukka maydondan chetlatilgach, mezbonlar yana 3 gol urishdi va hisob 2:6 ko‘rinishiga keldi. Holbuki o‘sha o‘yinda «Napoli» birinchi bo‘lib gol urgandi. Neapolliklar undan avval «Torino»dan ham mag‘lubiyatga uchraganini e’tiborga olsak, «Inter» ustidan g‘alaba muxlislar oldida aybini yuvish uchun ayni muddao bo‘ladi.