Markaziy Osiyo global tushkunlik o‘sib borayotgan sharoitda investorlar uchun yangi maskan bo‘lishi mumkin, deb hisoblamoqda BCG’ning «Markaziy Osiyoga investitsiyalar: bir mintaqa, ko‘plab imkoniyatlar» ma'ruzasi mualliflari.

BCG ekspertlari mintaqaning noxomashyo sohasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kiritish salohiyatini 40-70 mlrd dollar deb baholashmoqda.

Makon izlab

Investorlarning fond bozorlari va makroiqtisodiy muhitga nisbatan tushkunligi 2017 yilda 2009 yildagidan ko‘ra rekord darajaga yetdi: BCG so‘rovida ishtirok etganlarning uchdan bir qismidan ko‘prog‘i (34 foiz) yaqin uch yildagi bozor salohiyati bo‘yicha salbiy taxminni bildirdi.

Shu bilan birga so‘rovda ishtirok etganlarning 57 foizi rivojlanayotgan bozorlarga investitsiya kiritish tarafdori. Xatardan uzoqroq bo‘lishni istayotgan investorlar xavfsiz aktivlarga pul kiritishga harakat qilishadi, ammo katta daromad olish uchun yangi imkoniyatlar Markaziy Osiyoda yuzaga kelmoqda, deb hisoblashmoqda BCG ekspertlari.

Yagona shodaning durlari

Markaziy Osiyodagi barcha besh mamlakatning iqtisodiy tuzilmasi bir-biriga o‘xshash: ular boy tabiiy resurslarga ega, aholi soni o‘smoqda, mehnat qiymati past, ammo investitsion muhit turlicha. Doing Business reytingida Qozog‘iston 36-, O‘zbekiston 74-, Qirg‘iziston 77-, Tojikiston 123-o‘rinda. Turkmaniston ma'lumotlar kamligi uchun reytingga kiritilmagan.

BCG ma'lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyoning jahon iqtisodiyotidagi ulushi 2000-2017 yillarda uch baravarga oshgan. Ammo mintaqaning iqtisodiy xaritadagi vazni o‘ta yengilligicha qolmoqda - jahon YaIMning 0,3 foizga yaqinini tashkil etadi. Qiymat bo‘yicha olib qaraganda, bu 240 mlrd dollar atrofida bo‘lib, Markaziy Amerika (255 mlrd dollar) va Finlyandiya (254 mlrd dollar) ko‘rsatkichlariga yaqin.

Osiyo bankining prognoziga ko‘ra, 2018 yilda Markaziy Osiyoda iqtisodiy o‘sish sur'ati 3,9 foiz atrofida bo‘ladi va xomashyo narxlarining oshishi hamda Xitoy va Hindiston iqtisodiyotidagi loyihalar, jumladan «Bir kamar — bir yo‘l» loyihasi tufayli yanada ko‘tarilishi mumkin.

Markaziy Osiyoda 70 mln nafarga yaqin aholi yashaydi. Mintaqa ichki iste'mol bozorining hajmi 2017 yilda 150 mlrd dollarga yaqin bo‘ldi.