O‘zbekiston | 17:59 / 23.10.2018
20831
2 daqiqa o‘qiladi

Jamshid Qo‘chqorov: tariflar aholi uchun faqat 5-10 foizga oshmoqda 

Moliya vazirligi G‘aznachiligida Moliya vazirligi tizimidagi mas'ul mutaxassislar, jurnalistlar ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari – moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovning aytishicha, tarif islohotining muhim tamoyillaridan biri - aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashdir.

“Shu sababli tariflar aholi uchun faqat 5-10 foizga oshmoqda. Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari (gaz quyish shoxobchalari) uchun tariflar deyarli o‘zgarmaydi, bu metan narxining hozirgi narxlarini saqlab qolish imkonini beradi. Gaz yonilg‘isida ishlaydigan avtotransportda yuk tashish va taksi xizmatlari qimmatlashmasligi kerak. 

Shu bilan birga, aholi uchun issiqlik energiyasi tariflarining oshishini o‘rtacha 10 foiz darajasida saqlab qolishga qaror qilindi. Bunda soha korxonalarining vujudga keladigan zarari byudjyet subsidiyasi hisobidan qoplanadi. 

Avtomobillarga gaz to‘ldiruvchi kompressor stansiyalar uchun yetkazib beriladigan tabiiy gaz narxi 1 kubometriga 800 bo‘ladi. Bunda har bir kubometriga 500 so‘mdan to‘lanadigan maxsus investitsiyaviy ustama bekor qilinadi. Ya'ni, AGTKS uchun yetkaziladigan gaz narxi atigi 11 so‘mga oshadi.

Shu bilan birga, yuridik shaxslar uchun tariflarning oshishi - elektr energiyasi 45 foizga, tabiiy gaz 2 baravarga - ishlab chiqarilayotgan iste'mol tovarlar va xizmatlarning tannarxida bilvosita aks etadi”, - dedi Jamshid Qo‘chqorov.

Bundan avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Yoqilg‘i-energetika resurslariga narxlar va tariflarning o‘zgarishi to‘g‘risida»gi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yilgandi. Unga ko‘ra, yoqilg‘i, elektr energiyasi va gaz narxini 16 noyabrdan boshlab oshirish ko‘zda tutilgandi.

Mavzuga oid