O‘zbekiston | 13:01 / 25.10.2018
50148
2 daqiqa o‘qiladi

Poytaxt propiskasi bo‘lmaganda ishga joylashish bilan bog‘liq cheklovni olib tashlaydigan qonun loyihasi qabul qilindi

Foto: KUN.UZ

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar mamlakat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta'minlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini, deyarli har bir davrada, har kuni muhokama mavzusi bo‘ladigan masalalarni ko‘rib chiqdilar.

Foto: parliament.gov.uz

Adliya vazirligi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik tashabbusi huquqi asosida kiritilgan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan qizg‘in muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, ayni paytda qonun hujjatlarida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiskasi bo‘lmagan O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan ushbu hududlarda yashash hamda ishga joylashish bilan bog‘liq qator cheklovlar mavjud. 

Mazkur cheklovlarga rioya etmaslik fuqarolar va mansabdor shaxslarni ma'muriy javobgarlikka tortish uchun asos hisoblanadi. 

Ushbu qonun loyihasi bunday cheklovlarni bartaraf etishga qaratilgan bo‘lib, fuqarolarning ish tanlash, respublika hududida erkin harakatlanish bo‘yicha konstitutsiyaviy huquqlari, pasport, bilim olish hamda ishga joylashish bilan bog‘liq boshqa huquqlari amalga oshirilishini ta'minlash maqsadida ishlab chiqildi. Qonun loyihasi deputatlar tomonidan atroflicha muhokama etildi va qabul qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq endi Toshkentda istalgan yangi qurilgan uydan ko‘chmas mulk sotib olinganda propiska berilishi xabar qilingandi.

Mavzuga oid