Navoiy viloyati adliya boshqarmasi Navoiy shahar hokimligini fuqarolar haq-huquqlarini himoya qilish maqsadida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudiga bergan. Bu borada shahar prokuraturasi bilan hamkorlik qilingan. Viloyat adliya boshqarmasi Inson huquqlarini himoya qilish bo‘limi boshlig‘i Davron Husanov Kun.Uz muxbiri bilan muloqotda shu haqda ma'lum qildi.
Video: Tas-IX
https://mover.uz/video/embed/ONIWNT1m/
Video: YouTube
Shu yilning 4 sentabr kuni “Navoiylik fuqarolarga buzilgan uylari uchun tovon puli berish rad etilmoqda, sababi nimada?” sarlavhali tanqidiy maqola (lavha iyul oyi o‘rtalarida suratga olingan) e'lon qilingan edi. Unda Navoiy shahar G‘alaba shoh ko‘chasini kengaytirish munosabati bilan 165dan ortiq yakka tartibdagi uy-joylar buzilgani, biroq 17 oiladan boshqa fuqarolar, jumladan tahririyatga murojaat qilganlarga ham tovon puli berilmagani, uy-joylari buzilganlarga kompensatsiya puli berish rad etib kelingani, sud mahkamalarining barcha bosqichlari shahar hokimining har bir fuqaro uchun alohida qarori mavjud emasligini ro‘kach qilib, hokimlikdan tovon puli undirish bo‘yicha da'vo arizalarini rad etib kelgani va boshqa masalalar yoritilgan edi.
Tahririyat tasvirga olish guruhi oktabr oyi boshida mazkur va boshqa tanqidiy maqolalardagi faktlarni viloyat mutasaddi idoralari qay tarzda o‘rganganini bilish maqsadida Navoiy viloyatiga yana bir bor tashrif buyurdi. Dastavval odatdagidek, murojaatchilar bilan uchrashdik.

Murojaatchilarning aytishlaricha, tanqidiy maqola e'lon qilinganidan so‘ng, viloyat Adliya boshqarmasi fuqarolarni chaqirgan hamda prokuratura bilan birgalikda muammoni yechib berishini bildirgan. Adliya boshqarmasi xodimi, Navoiy shahar hokimligidan tovon puli undirish maqsadida fuqarolar manfaatlari ko‘zlangan holda da'vo arizasi kiritilishini, buzilgan uy-joylarni baholash bo‘yicha maxsus ekspertiza o‘tkazilib, barcha zararlar undirilishini ta'kidlagan.










