Jahon | 11:37 / 04.11.2018
14844
4 daqiqa o‘qiladi

Jurnalistlar Tereza Mey va YeI o‘rtasidagi Brexit bo‘yicha maxfiy kelishuvdan xabar topishdi

Foto: Globallookpress

Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey yevropalik muzokarachilar bilan Britaniya Yevropa Ittifoqidan chiqishida yon berilishiga erishgan. Unga ko‘ra, Buyuk Britaniya tashkilotdan chiqsa ham, Bojxona ittifoqida qoladi. Bu haqda The Times yuqori doiralardagi manbasiga asoslangan holda xabar tarqatgan.

Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi haqidagi hujjatda Britaniyaning Bojxona ittifoqidagi a'zoligini saqlab qolish bo‘yicha kelishuv qo‘shilgan, London kelishuvdan chiqish ixtiyorini saqlab qolgan. Shu tariqa, Mey xonim yevroskeptiklarni Britaniya Bojxona ittifoqida uzoq muddat qolmasligiga ishontirmoqchi bo‘lgan.

Bundan tashqari, gazeta ma'lumotiga ko‘ra, Tereza Mey Bryussel bilan iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishishi mumkin. Unga ko‘ra, Britaniya YeI bilan xuddi Kanada kabi ochiq savdoni saqlab qolishi mumkin bo‘ladi.

Qayd etilishicha, Brexit bo‘yicha muzokaralar jarayoni faollashgan. Yakuniy hujjat 50 sahifadan ortiqroq hajmda bo‘lishi kutilmoqda.

Britaniyaning Bojxona ittifoqida qolishi Shimoliy Irlandiya va Irlandiya Respublikasi bilan chegaralar o‘rnatilishidan saqlanish imkonini beradi. 

Muzokaralardagi eng bahsli mavzu Irlandiya Respublikasi (Yevroittifoq a'zosi) va Shimoliy Irlandiya o‘rtasidagi chegara bo‘lib qolmoqda. Bir orolning ikki qismi o‘rtasida to‘siq bo‘lmasligi 1998 yilgi kelishuv sharti hisoblanadi. London ham, Bryussel ham chegara shaffofligicha qolishi tarafdori. Ammo tomonlar bunga qanday erishish mumkinligi borasida kelisha olishmayapti. Bosh vazir Tereza Meyning hozirgi rejasida Britaniyaning Yevropa yagona bozori (YeYaB) va YeI Bojxona ittifoqidan chiqishini ham ko‘zda tutadi. Mamlakat YeIdan mustaqil savdo siyosati olib borishi va uchinchi davlatlar bilan kelishuvlar tuzishi uchun Britaniya bu institutlardan chiqishi zarur. 

Yevroittifoq Shimoliy Irlandiya vaqtincha YeYaB va Bojxona ittifoqi a'zosi bo‘lib qolishini taklif qilmoqda. Ammo Mey xonimning fikricha, bunday qadam konstitutsion tuzumni parchalash va mamlakat hududiy yaxlitligi buzilishiga olib kelishi mumkin. Bunga Shimoliy Irlandiyaning Demokratik yunionchilar partiyasi ham qarshilik qilmoqda. Ushbu partiya a'zolari YeIdan faqat umumiy shartlar asosida chiqish tarafdori.  

Chegarada nazorat-o‘tkazish punktlari va chegarachilarning paydo bo‘lishi esa bir-biri bilan hamkorlik qiladigan ikki Irlandiyaning fuqarolari va biznesiga qiyinchilik tug‘diradi.

Avvalroq The Times Tereza Mey Bryussel bilan Britaniya kompaniyalari Brexit’dan keyin ham Yevropa bozorlarida ishlash uchun imkoniyat saqlab qolgani bo‘yicha kelishuvga erishgani to‘g‘risida yozgandi.

Ayni vaqtda Tereza Mey ofisi The Times maqolasiga munosabat bildirgan.

«Buning barchasi spekulyatsiya. Bosh vazir aniq tushuntirish berdi, biz kelgusidagi munosabatlar bo‘yicha yaxshi yo‘lda ketmoqdamiz va kelishuv 95 foizga hal bo‘lgan», — deya Britaniya hukumati vakili so‘zlarini keltirgan Reuters.

Brexit 2019 yilning 29 martiga belgilangan, keyin o‘tish jarayoni boshlanadi va 2020 yilga qadar davom etadi.

Mavzuga oid