Vazirlar Mahkamasi huzuridagi din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan bilan suhbatimiz asosan bugungi kunda eng ko‘p munozaralarga sabab bo‘layotgan Haj, Umra ziyoratlari haqida kechdi.

– Nuriymon aka, bugun ikki yil avvalgi vaziyat emas. Haj va Umra masalalarida ancha yutuqlarga erishildi. Muammolar hamon bor va ular ham asta-sekin yechimini topmoqda, bundan boxabarmiz. Ana shu ziyoratlarni tashkillashtirish borasida yangiliklar bilan o‘rtoqlashsangiz.

– So‘zimning avvalida bugungi suhbat uchun «Kun.uz» sayti jamoasiga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Sababi har qanday katta tadbirlarni to‘g‘ri uyushtirishda tushuntirish ishlarini olib borish uchun ommaviy axborot vositalarining o‘rni beqiyos. Bugungi kunda Haj va Umra ziyoratlari bo‘yicha ulkan islohotlar o‘tkazilmoqda. Xususan, Umra safari xarajatlari arzonlashdi, bu ziyoratga boruvchilar uchun Saudiya Arabistonidagi imkoniyatlar ham kengaydi. Ziyoratchilarimiz Madina shahrida 5 yulduzli, Makka shahrida 4 yulduzli mehmonxonalarda yashab, emin-erkin ibodat qilib kelishdi. Xabaringiz bor, bu muqaddas ziyoratlar to‘g‘risida ma'lumot berish uchun yaqinda brifing ham tashkil etdik va anjumanda O‘zbekiston ahli uchun Umra safari bo‘yicha kvotalar olib tashlangani, endi O‘zbekiston respublikasining 18 yoshdan oshgan fuqarolari bemalol bu ziyoratga borib kelishlari mumkinligini rasman e'lon qildik.   

Ammo shu yerda ayrim tushunmovchiliklar yuzaga keldi. Umra safari arzonlashgani, kvotalari olib tashlangani tufayli mahallalarga, hokimiyatlarga juda ko‘plab murojaatlar bo‘lgan, ko‘pchilik yurtdoshlarimiz safarga borish istagini bildirishgan.

Shunda ayrim mahalla raislari to‘g‘ri tushuntirib, birinchi navbatda shu paytga qadar navbatda turganlar, yoshi katta talabgorlar borishlarini aytishgan. Ammo o‘zlari ham tushunmagan ba'zi raislar «faqat 40 yoshdan oshganlar borishadi» deya ma'lumot boshqacha talqin qilinishiga sababchi bo‘lib qolishgan va bu o‘z navbatida ayrim noroziliklarni keltirib chiqargan. Bu avval amalda bo‘lgan talab. Umra uchun endi bunday talab yo‘q.

Lekin shu o‘rinda bir narsaga aniqlik kiritib ketish kerakki, avval yoshi ulug‘lar borsalar, o‘shalarga avval borish imkoniyatni bergan yoshlar ham ulkan savobga ega bo‘lishadi.

Youtube'da ko‘rish