Milliy statistika qömitasining dastlabki maʼlumotlariga köra, Özbekistonning taşqi savdo aylanmasi 57,4 mlrd dollarga yetgan. Bu 2025-yilning yanvar–avgust oylariga nisbatan 4 mlrd dollar yoki 7,6 foizga köp.
Jami eksport 22,9 mlrd dollar, import esa 34,5 mlrd dollarni taşkil etgan. Natijada taşqi savdoda 11,7 mlrd dollarlik manfiy saldo - importning eksportdan ortiq qismi qayd etilgan.
Eksport tarkibidagi eng katta özgarişlardan biri oltin savdosida kuzatilgan. Uning qiymati ötgan yilgi 8,3 mlrd dollardan 2,8 mlrd dollarga tuşgan. Yaʼni oltin eksporti dollar hisobida 66,3 foizga kamaygan.
Ayni paytda, oltinni hisobga olmaganda, tovarlar eksporti 28,7 foizga ösib, 11,5 mlrd dollarga yetgan. Xizmatlar eksporti ham 33,8 foizga köpayib, 8,5 mlrd dollarni taşkil etgan. Xizmatlarning jami eksportdagi uluşi 37,4 foizga yetgan.
Sanoat tovarlari eksporti 25,6 foizga oşib, 3,4 mlrd dollarga, kimyoviy vositalar va şu kabi mahsulotlar eksporti esa 32,3 foizga ösib, qariyb 1,8 mlrd dollarga yetgan. Maşinalar va transport asbob-uskunalari eksporti 899,8 mln dollarni taşkil etib, 43 foizga köpaygan.
Importda eng yirik yönaliş maşinalar va transport asbob-uskunalari bölib qolgan. Sakkiz oyda uşbu toifada 11,3 mlrd dollarlik mahsulot olib kirilgan - bu ötgan yilning mos davriga nisbatan 17,3 foizga köp.
Oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar importi 39,3 foizga oşib, 3,7 mlrd dollarga yetgan. Jumladan, göşt va göşt mahsulotlari importi 677,4 mln dollarni taşkil etgan. Bu körsatkiç qiymat hisobida 34,2 foizga ösgan.
Hisobot davrida Özbekiston 200 dan ortiq mamlakat bilan savdo aloqalarini amalga oşirgan. Eng yirik savdo hamkorlari quyidagilar bölgan:
- Xitoy - 13,2 mlrd dollar, umumiy savdoning 23 foizi;
- Rossiya - 9,2 mlrd dollar, 16 foiz;
- Qozoğiston - 3,7 mlrd dollar, 6,5 foiz;
- Turkiya - 1,9 mlrd dollar, 3,4 foiz;
- Afğoniston - 1,4 mlrd dollar, 2,5 foiz.
Importning qariyb uçdan bir qismi - 32,4 foizi Xitoy hissasiga töğri kelgan. Uşbu mamlakatdan 11,2 mlrd dollarlik tovar va xizmatlar import qilingan, unga eksport esa qariyb 2 mlrd dollarni taşkil etgan.

















