«Kun.uz» tahririyatiga Sirdaryo viloyati, Sirdaryo shaharchasi, Temir yo‘l ko‘chasida joylashgan ikki qavatli uydagi xonadonda yong‘in sodir bo‘lgani haqidagi xabar yuborildi. Bu uy 1945 yilda tug‘ilgan X.Ye.ga tegishli bo‘lib, u bu uyda nogironligi bo‘lgan bolakay X.A. va boshqa yaqinlari bilan yashab kelgan.

Sirdaryo tuman YoXBning matbuot bo‘limiga ko‘ra, uy egasining 2008 yilda tug‘ilgan, ruhiy xasta, 2 guruh nogironligi bo‘lgan nabirasi X.A.ning uyda qarovsiz qolishi va gugurt chaqib o‘ynashi natijasida yong‘in sodir bo‘lgan. Bolakay Sirdaryo tumani YoXB xodimlari tomonidan qutqarib qolingan.

Bola qutqarilganda tutundan dimiqqan holda bo‘lib, unga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Ko‘ngilsiz hodisa natijasida uy yotoqxonasining taxminan 5 m.kv. maydonidagi jihozlar, kiyim kechaklar va barcha hujjatlar yonib ketgan.

Ushbu holat yuzasidan ma'lumotda shunday deyilgan: «Nogironligi bo‘lgan bolakay keksa, biroz muomalaga layoqatsiz buvisi tomonidan uyda qarovsiz qoldirilgan. Aytishlaricha, shamollab qolgani bois tumandagi ixtisoslashtirilgan maktab internat tomonidan o‘z uyiga jo‘natib yuborilgan. Otasi haqida ma'lumot yo‘q, onasi vafot etgan...».

Lekin nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun tibbiy ko‘rik va davolanish muolajalaridan bepul foydalanish huquqlari mavjudligi me'yoriy hujjatlar, qaror-farmonlar orqali mustahkamlab qo‘yilgan. Shu bois ma'lumotlar naqadar haqiqatga yaqinligini o‘rganish maqsadida Sirdaryo viloyatiga yo‘l oldik.

Birinchi galda, viloyatdagi Xalq ta'limi boshqarmasi tasarrufidagi 71-ixtisoslashtirilgan maktab-internati direktori bilan uchrashib, u yerdagi shart-sharoitlar bilan tanishdik. Bino ichki qismidagi ta'mir darajasi, oshxona, yotoqxona, yuvinish xonalarining mebellar bilan zamonaviy tartibda jihozlangan, mehnat to‘garaklari mavjud, bolalar savodxonligini oshirish maqsadida kutubxona zarur adabiyotlar bilan ta'minlangan.

Maktab direktori «bola shamollagani uchun o‘z uyiga jo‘natib yuborilgani haqidagi ma'lumot»dan bexabarligi ma'lum bo‘ldi. Maktab hamshirasi esa «bola shamollagani uchun emas, uni oila a'zolari o‘z ixtiyorlariga ko‘ra olib ketgani»ni aytdi. Ushbu javob qanchalik haqiqatga yaqinligi va bolaning ahvolidan xabar olish uchun u yashaydigan xonadonga bordik.

«Qutqaruvchilarning qutqargan insoniga nisbatan mehri tushib qoladi» deganlaricha bor ekan. Bolakayning taqdiriga befarq bo‘lmagan Sirdaryo tuman YoXB xodimlari bizga hamroh bo‘lishdi.