Iqtisodiyot | 13:36 / 22.11.2018
4724
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa investitsiya bankining​ Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi Toshkentda ochilishi mumkin 

O‘zbekiston hukumati tomonidan ko‘tarilgan Yevropa investitsiya bankining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasini Toshkentda ochish taklifi iliq qarshi olindi. Yevropa investitsiya banki vitse prezidenti Vazil Xudakning ​aytishicha, bank masalani ko‘rib chiqishga tayyor.​ Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

22 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi vakillari Toshkent shahrida joylashgan Xalqaro biznes markazida Yevropa investitsiya banki vitse prezidenti Vazil Xudak bilan uchrashdi. Unda bank rahbariyati rasmiy Toshkent bildirgan taklifni inobatga olib, bankning Markaziy Osiyodagi vakolatxonasini O‘zbekistonda ochish masalasini ko‘rib chiqishga tayyorligini aytgan.

Tomonlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar natijasiga ko‘ra, O‘zbekiston energetika sohasi uchun 100 mln, suv xo‘jaligi uchun 100 mln, jami 200 mln yevro mablag‘ ajratilgani ma'lum qilindi. 

Xudakning ta'kidlashicha, "tashqi qarzlarning kamligi, rivojlanishdagi barqaror dinamika, O‘zbekistonga bemalol tavakkal qilish va kredit olish imkonini beradi".

Byudjyetdagi mablag‘ hajmining yirikligi bo‘yicha dunyoda yetakchi banklardan biri - Yevropa investitsiya banki (YeIB) «​Jizzax»​ erkin iqtisodiy zonasida qurilishi davom etayotgan Uzbekistan Peugeot Citroyon Automotive zavodiga 60 million yevro sarmoya kiritishini aytgandi.  ​

Mavzuga oid