O‘zbekiston | 07:36 / 25.04.2020
3224
2 daqiqa o‘qiladi

YeIB pandemiyaning iqtisodiy oqibatlariga qarshi kurashda O‘zbekistonga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatadi

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Yevropa investitsiya banki (YeIB) vitse-prezidenti L.Pavlova bilan videokonferensiya bo‘lib o‘tdi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston hukumati tomonidan koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashish, shuningdek, global inqiroz hodisalarining milliy iqtisodiyotga va mamlakat aholisi farovonligiga ta'sirini kamaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

YeIB vitse-prezidenti Bank rahbariyati O‘zbekiston tomonining so‘rovini ko‘rib chiqib, pandemiya va uning iqtisodiy oqibatlariga qarshi kurashda O‘zbekistonga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatishga qaror qilganligini ta'kidladi. Shu sababli, YeIB milliy sog‘liqni saqlash tizimini qo‘llab-quvvatlash uchun 50 million yevro ajratadi, shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilar, eksportchilar hamda kichik va o‘rta korxonalarni moliyalashtirish uchun O‘zbekiston tijorat banklariga 80 million yevro miqdoridagi kredit liniyalarini ochadi.

Shuningdek, videokonferensiya doirasida O‘zbekistonda YeIB loyihalari portfelini amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar va hamkorlikni yanada kengaytirish choralari muhokama qilindi.

Yaqin kelajakda Bankning O‘zbekistondagi loyihalar portfelini 500 million yevroga yetkazish maqsadida yangi investitsiya loyihalarini birgalikda ishlab chiqish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid