Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Terroristik tashkilotlarga adashib kirib qolgan fuqarolarni jinoiy javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risidagi nizom loyihasi e'lon qilindi
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Bosh prokuraturaning “Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod etish tartibi to‘g‘risida nizom” loyihasi joylashtirildi.
Nizomga ko‘ra, jinoiy javobgarlikdan ozod etish taqiqlangan tashkilotlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, shu jumladan, terroristik va ekstremistik xususiyatdagi jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan (qidiruvda bo‘lgan) shaxslarga nisbatan qo‘llaniladigan insonparvarlik akti hisoblanadi.
Jinoiy javobgarlikdan ozod etish O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 19 sentabrdagi “Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod etish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-5542-sonli farmoni ta'siri doirasiga tushadigan, aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida davlat organlariga shaxsan arz qilib murojaat qilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, shu jumladan, terroristik va ekstremistik xususiyatdagi jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan (qidiruvda bo‘lgan) shaxslarga nisbatan yakka tartibda qo‘llaniladi.
Jinoiy javobgarlikdan ozod etish Komissiyaning tegishli xulosasi asosida dastlabki tergov organlari yoki sud tomonidan amalga oshiriladi.
Jinoiy javobgarlikdan ozod etish O‘zbekiston Respublikasi
Jinoyat-protsessual kodeksining 84-moddasida belgilangan asoslarga ko‘ra jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish yoki ayblilik to‘g‘risidagi masalani hal qilmay turib jinoyat ishini tugatish tarzida amalga oshiriladi.
Komissiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
taqiqlangan tashkilotlar tarkibiga adashib kirib qolgan fuqarolarning jinoiy javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risidagi murojaatlari so‘zsiz qabul qilinishi va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishini ta'minlash;
murojaat etgan fuqarolarning shaxsi, shu jumladan, ularning sodir etilgan jinoyatlarga daxldorligi har tomonlama tekshirilishini tashkil etish;
sodir etgan qilmishiga pushaymon bo‘lgan va aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida arz qilib murojaat etgan fuqarolarga taqiqlangan tashkilotlar a'zolari salbiy ta'sir o‘tkazishining oldini olish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilishini tashkil etish;
jinoiy javobgarlikdan ozod etilgan shaxslarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish, shu jumladan, ularning bandligini ta'minlashga ko‘maklashishga qaratilgan tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda bu boradagi faoliyatni monitoring qilib borish;
jinoiy javobgarlikdan ozod etilgan shaxslar bilan profilaktik-tushuntirish ishlari o‘tkazilishini tashkillashtirish va bu boradagi faoliyatni muvofiqlashtirish;
huquqni qo‘llash amaliyotini tahlil qilish orqali tizimli kamchiliklarni aniqlash, ularning sabablarini bartaraf etish hamda qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.
Komissiya quyidagi huquqlarga ega:
murojaat etgan fuqarolarning shaxsini, shu jumladan, ularning sodir etilgan jinoyatlarga daxldorligini har tomonlama tekshirish orqali o‘rganish;
murojaat qilgan shaxsga nisbatan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv materiallari yoki jinoyat ishlari bo‘yicha dastlabki tergov organlari yoki sud vakillari ishtirokida eshituvlar o‘tkazish;
murojaat qilgan shaxsga nisbatan ehtiyot chorasini o‘zgartirish to‘g‘risida dastlabki tergov organlari yoki sudga yakka tartibdagi topshiriqlarni yuborish;
zarur hollarda tergovga qadar tekshiruv materiallari va jinoyat ishlari bo‘yicha dastlabki tergov organlariga ko‘rsatma va topshiriqlar yuborilishini ta'minlash;
sodir etgan qilmishiga pushaymon bo‘lgan va aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida arz qilib murojaat etgan fuqarolarga taqiqlangan tashkilotlar a'zolari tomonidan salbiy ta'sir etilishining oldini olish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rish uchun vakolatli organlarga topshiriqlar berish;
jinoiy javobgarlikdan ozod etilgan shaxslarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish va profilaktik-tushuntirish ishlarini olib borish bo‘yicha vakolatli organ va tashkilotlarga ko‘rsatmalar yuborish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, jamoat birlashmalari hamda boshqa tashkilotlardan Komissiya vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha ma'lumotlarni belgilangan tartibda so‘rash va olish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari mansabdor shaxslarini, jamoat birlashmalari va Komissiya a'zosi hisoblanmagan boshqa tashkilotlar vakillarini Komissiya majlislariga taklif etish, bajarilgan ishlar bo‘yicha ularning hisobotlarini eshitish;
bajarilayotgan ishlar holatini o‘rganish uchun ishchi guruhlar tashkil etish, shuningdek, ushbu guruhlar faoliyatiga mutaxassislarni jalb etish.
Komissiya quyidagi majburiyatlarga ega:
jinoiy javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risidagi murojaatlarni qabul qilishni tashkil etish, ko‘rib chiqish va belgilangan tartibda hal etish;
taqiqlangan tashkilotlar a'zolari tomonidan fuqarolarga salbiy ta'sir etilishining oldini olish, jinoiy javobgarlikdan ozod etilgan shaxslarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatishga qaratilgan chora-tadbirlarni tashkil etish;
jinoiy javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risidagi murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qabul qilingan xulosalarni dastlabki tergov organlari yoki sudga belgilangan tartibda taqdim etish;
Komissiya qarorlarining o‘z vaqtida va to‘liq ijro etilishi ustidan nazorat olib borish;
jinoiy javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risida murojaat qilgan, shu jumladan, taqiqlangan tashkilotlar tarkibiga adashib kirib qolgan shaxslarning hisobini (ma'lumotlar bazasi) yuritish;
jinoiy javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risidagi murojaatlarni ko‘rib chiqish davomida to‘plangan ma'lumotlarning sir tutilishi va saqlanishini ta'minlash.
Komissiya o‘z faoliyatini doimiy asosda amalga oshiradi va fuqarolarning jinoiy javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risidagi murojaatlari kelib tushishiga qarab majlislarini o‘tkazadi.
Komissiya majlislarini Komissiya raisi, Komissiya raisi vaqtincha bo‘lmaganda uning topshirig‘iga ko‘ra Komissiya raisi o‘rinbosarlaridan biri o‘tkazadi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Komissiyaning ishchi organi hisoblanadi hamda uning negizida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, IIV, Tashqi ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari va Oliy sud sudyasidan iborat tarkibda ishchi guruh tashkil etiladi.
Ishchi guruh o‘z faoliyatini doimiy va jamoatchilik asosida amalga oshiradi.
Ishchi guruh Komissiya faoliyatini tashkiliy va axborot-tahliliy jihatdan ta'minlash uchun mas'ul hisoblanadi.
Ishchi guruh faoliyati Komissiya raisining o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Ishchi guruh har chorakda amalga oshirilgan ishlar natijasi yuzasidan Komissiyaga hisobot beradi.
Ishchi guruh jinoiy javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risidagi murojaatlarni ko‘rib chiqish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish uchun davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari va boshqa shaxslarni taklif qilish huquqiga ega.
Komissiya majlisida Komissiya raisi tomonidan imzolanadigan bayonnoma yuritiladi.
Jinoiy javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risidagi murojaat O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, shu jumladan, terroristik va ekstremistik xususiyatdagi jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan (qidiruvda bo‘lgan) shaxslar tomonidan Komissiya raisi nomiga yoziladi hamda yozma shaklda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sud yoki bevosita Komissiyaga shaxsan taqdim etiladi.
Agar jinoiy javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risida murojaat qilayotgan shaxs xorijiy davlatda bo‘lsa, u O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonasiga shaxsan kelishi, dastlabki suhbat (intervyu)dan o‘tishi va Komissiya raisi nomiga murojaat taqdim etishi shart.
Diplomatik vakolatxonaning murojaatni qabul qiluvchi mas'ul xodimi suhbat o‘tkazish chog‘ida texnik qurilmalar (audio, video, fototasvirga olish
va boshqalar)dan foydalanish, shuningdek, murojaat etuvchi shaxsning o‘qish, ish, davolanish, yashash joyini hamda Komissiya tomonidan qaror qabul qilish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa holatlarni tasdiqlovchi rasmiy hujjatlarni talab qilish huquqiga ega.
Murojaatda ko‘rsatilgan ma'lumotlarni tekshirish uchun diplomatik vakolatxonaning mas'ul xodimlari murojaat qiluvchi shaxs to‘g‘risida ma'lumotga ega bo‘lgan boshqa fuqarolar bilan ham suhbat o‘tkazishlari mumkin.
Zarur hollarda Ishchi guruh a'zolari tadbirlarni diplomatik vakolatxona xodimlari bilan birgalikda o‘tkazish uchun diplomatik vakolatxonalarga xizmat safariga yuborilishi, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligining texnik aloqa kanallaridan (konferentsaloqa va boshqalar) foydalangan holda, murojaat qilgan fuqaro bilan masofaviy suhbat o‘tkazishlari mumkin.
Shaxsan murojaat qilgan fuqaroning jinoiy javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risidagi murojaatini qabul qilishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar yoki sudlarga taqdim etilgan jinoiy javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risidagi murojaatlar belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilib, darhol Komissiya ishchi organiga yuboriladi.
Diplomatik vakolatxonaga taqdim qilingan murojaatlar tadbirlar (shu jumladan, Ishchi guruh a'zolari bilan hamkorlikda) o‘tkazilganidan so‘ng, quyidagi materiallarni ilova qilgan holda diplomatik pochta bilan Tashqi ishlar vazirligi orqali Komissiya ishchi organiga yuboriladi:
murojaat qiluvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatning diplomatik vakolatxona tomonidan tasdiqlangan nusxasi (fuqarolik pasporti, fuqarolik pasporti bo‘lmagan yoki uning amal qilish muddati tugagan hollarda ushbu muassasa tomonidan berilgan O‘zbekiston Respublikasiga qaytish sertifikatining tasdiqlangan nusxasi);
murojaat qilgan fuqaroning shaxsiga oid ma'lumotlar, shuningdek, o‘tkazilgan suhbat natijalari ko‘rsatilgan, Komissiya tomonidan tasdiqlangan shakldagi anketa;
murojaat qilgan shaxs tomonidan taqdim etilgan, jinoiy javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risidagi masalani hal etishda ahamiyatga ega bo‘lgan hujjatlar, fotosuratlar, audio, videoyozuvlar va boshqa materiallar;
boshqa shaxslarning murojaat qilgan fuqaro haqida qo‘shimcha ma'lumot sifatida bergan tushuntirish xatlari.
Fuqarolar tomonidan Komissiyaga bevosita taqdim qilingan, shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sud yoki diplomatik vakolatxonalar tomonidan Komissiyaga yuborilgan barcha murojaatlar Komissiya ishchi organida yuritiladagan maxsus jurnalda qayd qilinadi hamda Ishchi guruhga taqdim qilinadi.
Maxsus jurnal shakli Komissiya tomonidan tasdiqlanadi.
Ishchi guruh murojaat kelib tushgan kundan boshlab ikki kun ichida murojaat muallifiga nisbatan tergovga qadar tekshiruv materiali yoki jinoyat ishi mavjudligini aniqlaydi hamda tergovga qadar tekshiruv materiali yoxud jinoyat ishi yurituvida bo‘lgan dastlabki tergov organi yoki sudga xabarnoma yuboradi.
Dastlabki tergov organi yoki sud xabarnoma kelib tushgan kundan boshlab ikki kun ichida tergovga qadar tekshiruv materiali yoki jinoyat ishi yurituvida bo‘lgan xodimini (tergovchi, sudya) eshituvda ishtirok etish uchun quyidagi hujjatlar bilan birga Ishchi guruhga yuboradi:
murojaat muallifining shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi;
murojaat qilgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi yoki tergovga qadar tekshiruv materiali bo‘yicha ma'lumotnoma;
tergovga qadar tekshiruv materiali yoki jinoyat ishida mavjud protsessual hujjatlar (jinoyat ishi qo‘zg‘atish, shaxsni ishda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish, qidiruv e'lon qilish, ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish yoki qo‘llash haqidagi qarorlar, tergov harakatlari bayonnomalari, sud ajrimlari, tushuntirish xatlari va boshqalar), shu jumladan, boshqa davlatlarning vakolatli organlari tomonidan xalqaro shartnomalar asosida huquqiy yordam ko‘rsatish tartibida olingan hujjatlarning nusxalari.
Murojaat qilgan shaxsga nisbatan tergovga qadar tekshiruv materiali yoki jinoyat ishi mavjud emasligi aniqlansa, Ishchi guruh murojaat nusxasini darhol tegishli dastlabki tergov organiga tergovga qadar tekshiruv o‘tkazish uchun yuboradi.
Tergovga qadar tekshiruvda ish bo‘yicha jinoiy hodisa yuz bermaganligi yoki murojaat qilgan shaxsning harakatida jinoyat tarkibi mavjud emasligi yoxud uning sodir etilgan jinoyatga daxli yo‘qligi aniqlangan holatlarda reabilitatsiya asoslari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilinadi va bu haqda Komissiyaga qaror nusxasini ilova qilgan holda ma'lumot taqdim qilinadi.
Tergovga qadar tekshiruvda murojaat qilgan shaxs tomonidan ijtimoiy xavfli qilmish sodir etilganligi aniqlanib, uning ayblilik masalasini hal etish lozim bo‘lgan taqdirda, jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi hamda ikki kun ichida tergovga qadar tekshiruvni o‘tkazgan xodim tegishli hujjatlarning tasdiqlangan nusxalari bilan birga, murojaat muallifini javobgarlikdan ozod qilish masalasini ko‘rib chiqish yuzasidan eshituvda ishtirok etish uchun Ishchi guruhga yuboriladi.
Ishchi guruh dastlabki tergov organi yoki suddan fuqaroning jinoiy javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risidagi murojaati asosida to‘plangan materiallarni qabul qilib, ko‘rib chiqadi hamda Bosh prokuratura, IIV
va DXXning tegishli bo‘linmalari ko‘magida quyidagilarga qaratilgan
tezkor-qidiruv va boshqa tadbirlarni amalga oshiradi:
murojaat qilgan fuqaroning shaxsini o‘rganish;
murojaat qilgan shaxs tomonidan terroristik yoki ekstremistik xususiyatdagi jinoyatlar sodir etilganligini har tomonlama tekshirish;
murojaat qilgan shaxs tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlar va boshqa axborotlarni qayta tekshirish;
xorijiy davlatlarning vakolatli organlariga tegishli xalqaro topshiriq va so‘rovlar jo‘natish;
shaxsni jinoiy javobgarlikdan ozod qilishga to‘sqinlik qiluvchi holatlar mavjudligini aniqlash.
Ishchi guruh tomonidan to‘plangan barcha materiallar asoslantirilgan xulosalardan iborat tavsiyaviy ma'lumotnoma bilan birga Komissiya kotibiga taqdim etiladi.
Tayyorlangan materiallar Komissiya kotibi tomonidan Komissiyaning majlisida ko‘rib chiqish uchun kiritiladi.
Tergovga qadar tekshiruv yoki tergov harakatlarining to‘liq emasligi aniqlangan taqdirda, Komissiya dastlabki tergov organi yoki sudga qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv yoki tergov harakatlarini o‘tkazish haqida topshiriq berishga haqli.
Komissiya majlisi Komissiya a'zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi.
Komissiya murojaatni ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha murojaat etgan shaxsni jinoiy javobgarlikdan ozod etish yoki jinoiy javobgarlikdan ozod etishni rad etish to‘g‘risida xulosa qabul qiladi.
Shaxsni jinoiy javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risidagi xulosa Komissiya tomonidan darhol tegishli dastlabki tergov organi yoki sudga yuboriladi.
Bunday hollarda dastlabki tergov organi yoki sud Komissiya xulosasi asosida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi 84-moddasida belgilangan asoslarga ko‘ra jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish yoxud jinoyat ishini tugatish haqida qaror qabul qiladi hamda bu haqda Komissiyaga ma'lumot taqdim qiladi.
Shaxsni jinoiy javobgarlikdan ozod etishni rad etish to‘g‘risida xulosa qabul qilinganda, Komissiya bir kun ichida bu haqda tegishli dastlabki tergov organi yoki sudga yozma ravishda xabar beradi hamda tergovga qadar tekshiruv materiali yoxud jinoyat ishi jinoyat-protsessual qonunchilikda belgilangan umumiy tartibda ko‘rib chiqiladi.
Mavzuga oid
17:00 / 31.03.2026
Isroil parlamenti «terrorizm»da ayblangan falastinliklar uchun o‘lim jazosi kiritdi
13:14 / 18.11.2025
Rossiyada sobiq bosh vazir Kasyanov "terrorchilar" ro‘yxatiga kiritildi
16:11 / 12.11.2025
O‘lim jazosi qayta kun tartibida: Knesset «terrorizm»ga doir tuzatishni ma’qulladi
12:00 / 02.10.2025