O‘zbekiston | 08:50 / 21.12.2018
5286
6 daqiqa o‘qiladi

Deputatlar Madaniyat vazirligining madaniy meros obektlari sohasidagi ishidan norozi

Foto: parliament.gov.uz

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasining tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayevning «Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining ijrosi haqida»gi axborotiga oid parlament eshituvi o‘tkazildi

Parlament eshituvida madaniyat vaziri taqdim etgan ma'lumotga ko‘ra, mamlakatda 7476 ta moddiy madaniy, 107 ta nomoddiy madaniy meros obekti mavjud. Muzeylarda 2,5 milliondan ziyod eksponat va kolleksiya mavjud, arxivlarda madaniy meros obektlari bo‘lgan millionlab hujjatlar saqlanmoqda. Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlarining tarixiy markazlari Umumjahon merosi ro‘yxatiga, Shoshmaqom, Navro‘z, Boysun madaniy muhiti, Askiya, Katta ashula, Palov madaniyati va an'anasi, Marg‘ilon hunarmandchilik maktabining atlas va adras to‘qish texnologiyasi kabi nomoddiy madaniy meros namunalari YuNeSKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosining reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan. Shuningdek, Usmon Qur'oni, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar to‘plami, Xiva xonligi kontselyariyasi hujjatlari “Jahon xotirasi” dasturidan joy olgan. Yana bir muhim jihat shuki, mamlakatdagi 180 dan ortiq xalqaro sayyohlik yo‘nalishlarining 140 dan ortig‘i aynan tarixiy-madaniy meros obekti bilan bog‘liq.

Shu bois, moddiy madaniy meros obektlarini ta'mirlash va restavratsiya qilish ishlari uchun keyingi yillarda respublika byudjyetidan ajratilayotgan byudjyet mablag‘lari sezilarli darajada oshirildi. Jumladan, «Milliy tiklanish» DP fraksiyasi tashabbusi bilan, 2018 yilda 46 mlrd. 569 mln. so‘m ajratilgan bo‘lsa, 2019-2021 yillarga mo‘ljallangan Byudjyetnomada 2019 yilda 67 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutildi. Shu bilan birga, fraksiya taklifiga ko‘ra, mahalliy byudjyetlar hisobidan ham alohida mablag‘lar yo‘naltirilishi ko‘zda tutilmoqda.

O‘z navbatida, O‘zbekiston «Milliy tiklanish» DP, uning Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi hamda xalq deputatlari hududiy va mahalliy Kengashlari deputatlari tomonidan parlament eshituviga tayyorgarlik doirasidagi o‘rganishlar natijasida madaniy meros obektlarini muhofaza qilish, ulardan foydalanish amaliyoti hamda sohani huquqiy tartibga solishda bir qator muammolar mavjudligi aniqlandi.

Eshituv davomida keltirib o‘tilganidek, hozirgi kunga qadar «Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida»gi Qonunda nazarda tutilgan vazifa – madaniy meros obektlaridan foydalanish, ularni saqlash va muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshirish, ularning hududlaridan foydalanish, tarixiy-madaniy qo‘riqxonalar, muzey-qo‘riqxonalar va tarixiy maskanlarni tashkil qilish, saqlash rejimlarini belgilovchi qonuniy mexanizmlari belgilanmagan va qabul qilinmagan.

Prezidentning 2018 yil 16 yanvardagi «Moddiy madaniy va arxeologiya merosi obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishni takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmoyishi bilan 2018 yil 1 mayga qadar moddiy madaniy va arxeologiya merosi obektlarini xatlovdan o‘tkazish, xatlov natijalari bo‘yicha obektlar to‘g‘risida batafsil ma'lumotlarni o‘z ichiga olgan va doimiy yangilanib boruvchi yagona elektron ma'lumotlar bazasi yaratish belgilangan bo‘lsa-da, biroq, amalda to‘liq bajarilmagan.

Moddiy madaniy meros obektlariga noqonuniy egalik qilish, foydalanish hamda ularga zarar yetkazish holatlariga chek qo‘yilmayapti. O‘rganishlarda 259 ta obektga jiddiy zarar yetkazilgani aniqlangan. Moddiy madaniy meros obektlarining atigi 2608 tasining (34,14 %) kadastr hujjatlari mavjud, 2232 tasiga (29,5 %) muhofaza belgilari o‘rnatilgan, xolos. Obidalarning aksariyati ta'mirtalab ahvolga kelib qolgan, ularning sayyohlik salohiyatidan samarali foydalanish talab darajasida emas.

Moddiy madaniy meros obektlarining muhofaza hududlarida talab va me'yorlarga zid ravishda qurilish ishlarini olib borish holatlari ham uchrab turibdi. Aksariyat joylarda o‘z kasbining egalari – arxeolog, me'mor, san'atshunoslar ishlamayapti, moddiy madaniy va arxeologiya merosi obektlarining yagona elektron ma'lumotlar bazasini yaratish ishlari yakunlanmagan. Bunday obektlarni ijaraga berish tizimi takomillashtirilmagan. Masalan, Surxondaryo viloyatining Denov tumanidagi «Sayid Otaliq» madrasasi (XVII asr) ijaraga berilgan bo‘lib, hozirda madrasa xonalaridan omborxona sifatida foydalanilmoqda.

Muhokama chog‘ida bayon etilgan fikr-mulohazalarni hisobga olgan holda, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Madaniyat vazirining «Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining ijrosi haqida»gi axborotini ma'lumot uchun qabul qildi. Parlament eshituvi yakuni yuzasidan Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qarori qabul qilindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid