Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolarni doimiy propiska qilish va propiskadan chiqarishga doir davlat xizmatini ko‘rsatishning ma'muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Ma'muriy reglamentga ko‘ra, davlat xizmati Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan ko‘rsatiladi.

Fuqarolarni doimiy propiska qilish va propiskadan chiqarish aholi migratsiyasini hisobga olish maqsadida fuqaroning viloyat hududining muayyan joyida yashashi faktini aniqlashni nazarda tutadi.

Fuqarolar qonun hujjatlariga muvofiq doimiy yashash joylarida propiskadan o‘tishlari shart.

Fuqarolar doimiy propiskadan chiqqan kundan boshlab (yangi yashash joyiga kelgan kundan boshlab) o‘n kun ichida doimiy propiskada turish uchun murojaat qilishlari lozim.

O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxslarni doimiy propiska qilish ularning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning xohishiga qarab ixtiyoriy asosda amalga oshiriladi.

Mazkur davlat xizmatini kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchining shaxsiy guvohnomasi yoki O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari ofitserining shaxsiy guvohnomasi (kazarmalar, korabllar va kemalardan tashqarida yashaydigan harbiy xizmatchilar uchun) bo‘lgan fuqarolarga ko‘rsatish to‘g‘ridan-to‘g‘ri tegishli hududdagi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi tomonidan amalga oshiriladi.

Tarbiyalash, davolash va boshqa muassasalardagi yetim bolalar, ota-onalarining qarovisiz qolgan bolalar, shuningdek qariyalar uylaridagi shaxslar ko‘rsatib o‘tilgan muassasalar tomonidan berilgan turar joy maydoniga doimiy propiska qilinadi.

Davlat xizmatlari markazlari va vakolatli organ o‘rtasidagi axborot almashinuvi elektron raqamli imzoni majburiy tartibda qo‘llash orqali faqat idoralararo elektron o‘zaro bog‘lanish yordamida amalga oshiriladi.

Fuqaro viloyatlarda doimiy propiskaga ega bo‘lish uchun propiska qilinayotgan hududdagi tuman (shahar) Davlat xizmatlari markaziga (o‘zi kelib murojaat qilganda) yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali turar joy egasi bilan birga elektron tarzda murojaat qiladi.

Fuqaro kela olmaydigan hollarda turar joy egasining o‘zi fuqaroning pasporti bilan birga murojaat qilishi mumkin.