Sport | 16:22 / 27.12.2018
16618
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston terma jamoasining Osiyo Kubogi va JCh saralashi uchun yangi libosi taqdim etildi

Bugun, 27 dekabr kuni Milliy olimpiya qo‘mitasi binosida O‘zbekiston milliy terma jamoasining yangi libosi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Taqdimotda Terma jamoalar departamenti direktori Sharofiddin Hojiniyozov, Xalqaro aloqalar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Olim Arifov, shuningdek, O‘FA mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi. Yig‘ilganlarga milliy terma jamoa uchun Jako kompaniyasi tomonidan tayyorlangan yangi formalar namoyish qilindi.

«O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi terma jamoamizga libos yetkazib beruvchi bir qator kompaniyalar bilan muzokara o‘tkazib, yakunda Germaniyaning Jako kompaniyasi bilan shartnoma imzolaganidan xabaringiz bor. Bu kompaniya biz uchun manfaatli bo‘lgan shartlar asosida bizga liboslarni taqdim qilmoqda. Milliy terma jamoamiz a'zolariga 116 xil libos va aksessuarlar bepul taqdim qilinsa, qolgan terma jamoalarga 50 foizli chegirma asosida formalar yetkazib beriladi», – degan Arifovning so‘zlarini keltirmoqda O‘FA matbuot xizmati.

Arifovning ta'kidicha, yetkazib berilayotgan liboslar ichida har qanday ob-havo sharoitida to‘p surishga mo‘ljallangan libos va aksessuarlar mavjud.

«Jako kompaniyasi bilan 3 yillik shartnoma imzolangan bo‘lib, Milliy terma jamoamiz Jahon chempionati saralashida muvaffaqiyatli qatnashsa, shartnoma muddati uzaytiriladi va shartlari qayta ko‘rib chiqiladi», - degan O‘FA Xalqaro aloqalar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.

Eslatib o‘tamiz, Osiyo Kubogi 5 yanvardan start oladi. Unda O‘zbekiston ilk o‘yinini 9 yanvar kuni Ummon terma jamoasiga qarshi Sharja shahrida o‘tkazadi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston terma jamoasi 2011 va 2015 yilgi Osiyo kuboklarida Ispaniyaning JOMA kompaniyasi tomonidan yetkazib berilgan liboslarda to‘p surgan.

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

Mavzuga oid