Bu mavzu yuzasidan saytimizda bir muddat oldin qisqa ma'lumot berib o‘tgan edik. Shundan so‘ng ham ijtimoiy tarmoqlarda bu masala bo‘yicha tortishuvlar davom etgani, yangi savollar tug‘ilgani uchun mavzuni kengroq yoritishga va savolga atroflicha javob berishga harakat qildik.
Maqola 19 dekabr kuni «Taraqqiyot» strategiyasi markazida «O‘zbekenergo» AJ rahbariyati va yetakchi mutaxassislari ishtirokida «2018 yilda iste'molchilarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta'minlash borasidagi faoliyat: erishilgan natijalar va istiqboldagi ustuvor vazifalar» mavzusida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida «O‘zbekenergo» AJ rahbari Ulug‘bek Mustafoyev bergan ma'lumotlar asosida tayyorlandi.

Nega elektr ta'minotidagi uzilishlar muntazam kuzatilmoqda?
Elektr ta'minotidagi uzilishlar kuzatilayotganini tan olamiz va buni bartaraf etish ustida muntazam ishlayapmiz. Lekin elektr energiyasi shunday bir mahsulotki, uni saqlab turib bo‘lmaydi. Elektrostansiyalarda ishlab chiqarilgan elektr energiyasi darhol tarmoqlar orqali iste'molchilarga yetkazilishi lozim. Diqqat qiling: elektr energiyasi yilning qaysi davrida va kunning qaysi paytlarida ko‘p uziladi?
Albatta sovuq kunlarda, ertalab va kechki paytda.
Sovuq kunlar tushishi bilan hamma isitish moslamalarini tarmoqqa ulaydi, bu moslamalar elektr energiyasini boshqa maishiy texnikalarga nisbatan bir necha karra ko‘p sarflaydi. Shuningdek, kechki payt, barcha ishdan kelganda hamma chiroqlar yoqiladi, televizorlar qo‘yiladi, ovqat pishiriladi, kir yuviladi... Kun davomida ishlatilmagan elektr energiyasi qisqa vaqt ichida ko‘p ishlatiladi. Axir u tarmoqdan bir xil miqdorda yetkazib berilmoqdaku, uni saqlab turib, ma'lum muddatdan keyin berish iloji yo‘q.
Aytaylik, ishlab chiqarish quvvatiga qarab bir oilaga kuniga 10 kilovatt limit berilgan. Uni kun davomida sarflasa yetadi. Lekin hamma bir paytda katta hajmda ishlatsa, tarmoq dosh bera olmasligi mumkin. Liniyalarning 67 foizi, transformatorlarning 57 foizi eskirgan. Shunaqa payt majburiy o‘chirishga to‘g‘ri keladi yoki avariya yuz beradi.
Shuning uchun kelgusida hisob-kitob tizimida yangiliklarni joriy qilmoqdamiz. Ulardan biri tig‘iz bo‘lmagan paytlarda ishlatilgan elektr energiyasi uchun arzonroq haq to‘lanadi».















