O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati davlat rahbarining 2019 yil uchun mo‘ljallangan eng muhim ustuvor vazifalar haqidagi Oliy Majlisga Murojaatnomasi matnini to‘liq holda keltirdi.

Hurmatli senator va deputatlar!

Qadrli yurtdoshlar!

Muhtaram mehmonlar!

2019 yilda mamlakatimizni rivojlantirishning eng muhim ustuvor vazifalari to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Parlamentga Murojaatnomasini bayon etishga ruxsat bergaysiz.

Bugun biz shiddat bilan o‘zgarib borayotgan zamonda yashamoqdamiz. Dunyo miqyosida manfaatlar kurashi, raqobat tobora avj olib, xalqaro vaziyat keskinlashib bormoqda.

Biz kelgusi yil uchun amaliy rejalar tuzar ekanmiz, xalqaro maydondagi ana shunday murakkab vaziyatni hisobga olgan holda, taraqqiyotimizning ustuvor yo‘nalishlarini aniq-ravshan belgilab olishimiz zarur. 

Aziz do‘stlar!

Biz har bir yilga ezgu niyat bilan nom beramiz va o‘z oldimizga ulkan marralarni qo‘yamiz.

Buyuk Imom Buxoriy hazratlarining «Al-Jomi' as-Sahih» asari «Barcha ezgu amallar niyatga bog‘liq, har bir kishiga faqat niyat qilgan narsasi beriladi» degan hadis bilan boshlanishida albatta juda chuqur ma'no bor.

Biz 2018 yilga «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili» deb nom berib, Davlat dasturi doirasida 21 trillion so‘m va 1 milliard dollarga teng 76 mingta loyihani amalga oshirganimiz o‘tgan yili yaxshi niyat bilan boshlagan ishlarimizning natijasini ko‘rsatib turibdi.

Sanoat, qishloq xo‘jaligi, kapital qurilish, transport-kommunikatsiya, servis va xizmat ko‘rsatish sohalarida salmoqli yutuqlar qo‘lga kiritildi. 

Ayniqsa, har qachongidan ham og‘ir bo‘lgan bu yilgi mavsumda mirishkor dehqon va fermerlarimiz fidokorona mehnat qilganlarini alohida ta'kidlashni istardim. 

Aholi farovonligini oshirish maqsadida joriy yilda ish haqi, pensiya, stipendiya va ijtimoiy nafaqalar miqdori o‘tgan yillarga nisbatan sezilarli ravishda oshirildi.

Xususan, pedagog xodimlarning ish haqi so‘nggi 10 yilda birinchi marta 50 foizgacha ko‘paytirildi.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli, aholining real umumiy daromadlari 2017 yilga nisbatan 12 foizga oshdi.