Sinovli dunyoning tashvishlari ko‘p. Kimgadir og‘ir, kimgadir esa mashaqqat begona. Oramizda shunday odamlar borki, haqiqatan ko‘makka muhtoj, yashash sharoiti achinarli. Ularga ozgina e'tibor, madad berilsa, qo‘llab-quvvatlansa, bunday insonlarning qiyinchiliklarni yengib o‘tishi oson bo‘ladi. Ammo chorasiz qolgan inson e'tibordan chetda qolsa, unga yanada qiyin bo‘lishi shubhasiz.

Kun.uz tahririyatiga Buxoro viloyati, Shofirkon tumanida istiqomat qiluvchi II guruh nogironligi bo‘lgan Mamlakat Sodiqovadan murojaat kelib tushdi.

«II guruh nogironiman. Uch nafar farzandim bor, biri nogiron. Doimiy qarovga muhtoj. 2010 yildan buyon farzandlarimni yolg‘iz tarbiyalab kelyapman, boquvchimiz yo‘q. Boshpanamiz yo‘qligi tufayli juda qiynalyapmiz. Turli joylarda amallab yashab kelmoqdamiz. Tuman hokimligi va boshqa tashkilotlarga yordam so‘rab murojaat qilyapman. Ammo menga hech qanday yordam berilmayapti. Sovuq kunlarda farzandlarim bilan sarson-u sargardonman. Menga yordam beringizlar», – deyiladi murojaatda.

Ushbu murojaatni o‘rganish uchun Shofirkon tumaniga yo‘l oldik.

Mamlakat Sodiqova vaqtincha ijarada yashayotgan xonadoniga kirib borganimizda haqiqatan ham ham ahvol achinarli ekanligiga guvoh bo‘ldik.

Huvillab yotgan, biror jihozi yo‘q uch xonali xonadonning bir xonasida oila qo‘nim topgan. Isitish tizimi mavjud emasligi tufayli uch nafar bolalar ko‘rpalarga o‘rangancha jon saqlamoqda. Shamollab qolishibdi, bechoralar. Issig‘i ko‘tarilib ketayotgani uchun ona bechora bir haftadan buyon har kuni «Tez yordam»ni chaqirishga majbur bo‘layotgan ekan.

Mamlakat Sodiqovaning aytishicha, 2010 yildan buyon turmush o‘rtog‘i bilan yashamaydi. Aliment ham olmaydi. Sababi turmush o‘rtog‘i bedarak ketgan. O‘zi yolg‘iz tarbiyalayotgan farzandlaridan 14 yoshli qizi va 9 yoshli o‘g‘li sog‘lom. Ammo 12 yoshli qizining oyoq-qo‘li ishlamaydi, bolalikdan nogironligi bor. Doimiy qarovga muhtoj. Shuning uchun ham ishlashga imkoniyati yo‘q. Boshpanasi yo‘qligi uchun voyaga yetmagan farzandlari bilan turli joylarga ko‘chib, sarson bo‘lib yurishga majbur. Bu masaladagi murojaatlari hokimlik va turli tashkilotlar tomonidan ijobiy hal etilmagan.