Amerikada Vakillar palatasining barça 435 örni va Senatdagi 35 örin uçun ovoz beriladi. Agar muxolifatdagi Demokratlar partiyasi Kongressning kamida bir palatasida köpçilikni qölga kiritsa, Trampning köplab taşabbuslarini amalga oşiriş qiyinlaşadi. Şu sababli siyosatçilar ham, saylovçilar ham bu saylovni Tramp prezidentligiga beriladigan muhim baho sifatida körmoqda.

Saylovoldi kampaniya faol keçmoqda, lekin amerikaliklarni qiziqtira olmayapti. Televideniye, internet va ijtimoiy tarmoqlarda siyosiy reklama juda köpaygan. Aholi esa bundan çarçaganini aytmoqda. Çunki bugun Amerikada hayot nihoyatda qimmatlaşgan, odamlar esa siyosatçilarning quruq vaʼdalaridan töygan.

Masalan, Reuters suhbatlaşgan saylovçilarning aksariyati siyosiy reklamalardagi hujumkor ohang, qimmatlaşib borayotgan hayot va siyosiy bahslardan toliqqanini bildirgan.

Hozirgi paytda saylovçilarning asosiy eʼtibori iqtisodiyot, narx-navoning oşişi, immigratsiya va soğliqni saqlaş masalalariga qaratilgan.

Sörovlar şuni körsatyaptiki, bugunga kelib köplab amerikaliklar na Respublikaçilar, na Demokratlar mamlakat muammolarini töliq hal qila olişiga işonişmaydi. Yaʼni Amerika aholisi bugungi siyosatdan ham, siyosatçilardan ham töygan.

Donald Tramp esa saylov kampaniyasining markazida qolmoqda. Uning nomi saylov byulletenida bölmasa-da, köplab saylovçilar ovoz berişni Tramp siyosatini qöllab-quvvatlaş yoki unga qarşi çiqiş sifatida qabul qilmoqda.

Sönggi oylar davomida Tramp maʼmuriyati ovoz beriş qoidalariga özgartiriş kiritiş taşabbuslarini ilgari surdi. Xususan, poçta orqali ovoz beriş tartibi va saylovçilarni röyxatdan ötkaziş masalalari böyiça yangi talablar taklif qilindi. Bu taşabbuslar tarafdorlari tomonidan saylov xavfsizligini kuçaytiriş deb baholanayotgan bölsa, tanqidçilar bunday çoralar ayrim fuqarolarning ovoz berişini qiyinlaştirişi mumkinligini aytmoqda.

Tramp saylov natijalarini hisoblaş jarayoni haqida ham tez-tez fikr bildirmoqda. U ayrim ştatlarda ovozlarni sanaş bir neça kun davom etişini tanqid qilib, natijalar imkon qadar tez eʼlon qilinişi kerakligini taʼkidlab keladi. Şu bilan birga, saylov maʼmurlari millionlab byulletenlarni tekşiriş va qonuniy tartibda hisoblaş maʼlum vaqt talab qilişini eslatmoqda.