Sport | 08:34 / 03.01.2019
17609
2 daqiqa o‘qiladi

Shumaxerning oilasi poygachining 50 yoshi arafasida uning ahvoli haqida rasmiy bayonot berdi

Foto: REUTERS

Afsonaviy nemis poygachisi Mixael Shumaxerning 50 yoshi arafasida uning oilasi poygachining salomatligi bo‘yicha uzoq vaqtdan beri birinchi marta rasmiy bayonot berdi. Poygachining yaqinlari sportchi og‘ir miya jarohatidan so‘ng o‘nglanib olishi uchun mumkin bo‘lgan barcha ishni qilayotganliklarini ma'lum qilganlar, deb xabar berdi Sky Sport portali.

Poygachining yaqinlari u shifoxonaga tushib qolgandan so‘ng muxbirlardan qochib, OAVga intervyu bermay qo‘ygandilar. Lekin hozir ular istisno qilib, barcha muxlislar va befarq bo‘lmaganlarga qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorchilik bildirdilar. Ammo ular buyog‘iga ham sportchining ahvoli sir tutilishini aytishgan.

Shumaxerning oilasi uning muxlislarini 3 yanvar kuni poygachining 50 yoshlik yubileyini nishonlashga chaqirdi.

3 yanvarda poygachining 50 yoshga to‘lishi munosabati bilan unga atalgan virtual muzey ishga tushadi. U yerda Shumaxerning eng yaxshi poygalarining videotasvirlari, uning suratlari hamda intervyulari jamlanadi. 

“Keep Fighting fondi sovg‘a sifatida biz va sizga ertaga rasmiy ilova chiqqandan so‘ng ko‘rish mumkin bo‘lgan virtual muzey tashkil qildi. Mixael erishgan yutuqlaridan g‘ururlanishi mumkin va biz ham! Aynan shuning uchun uning yutuqlarini shu ko‘rgazmada nishonlayapmiz. Biz siz bilan birgalikda uning g‘alabalari va rekordlarini eslab, ularni nishonlamoqchimiz”, deyilgan bayonotda.

Dekabr o‘rtalarida Daily Mail nashri Shumaxerning ahvoli ancha yaxshilangani, poygachi yura olishi mumkinligi, o‘zi mustaqil nafas olayotgani hamda oilasi bilanligini ma'lum qilgan edi.

Shumaxer 2013 yil Alp tog‘larida chang‘i uchayotganida miya-chanoq jarohatini olib komaga tushgan. U shundan beri sog‘lig‘ini tiklashni davom ettirmoqda.

Mavzuga oid