AQSH prezidenti Donald Tramp yana bir bor Volodimir Zelenskiyni keskin tanqid qilib, uni Rossiya bilan urushni tugatishni istamaslikda aybladi. U Rossiya rahbari Vladimir Putin va Xitoy rahbari Si Jinping ishtirokidagi uch tomonlama uchrashuv oʻtkazish imkoniyatini ham maʼqullagan. Trampning yangi bayonotlari AQSH va Ukraina oʻrtasidagi munosabatlar keskin sovishi fonida yangradi.

Dushanba kuni jurnalistlar Trampdan Zelenskiyning Amerika hukumati Ukrainaga qarshi urushda Rossiyani qoʻllab-quvvatlaydigan boʻlsa, «tarixning notoʻgʻri tomonida boʻlishi» haqidagi soʻzlari yuzasidan munosabatini soʻrashdi.

«Zelenskiy shunday dedimi? Zelenskiy nima deyayotganini oʻzi bilmaydi. Zelenskiy – urushni allaqachon hal qilishi kerak boʻlgan odam. Agar u menga quloq solganida edi, ancha vaqt oldinroq yaxshiroq kelishuvga erishgan boʻlardi», – degan bunga javoban Tramp.

U «endi Ukraina nomidan boshqa kimdir muzokaralar olib borishi vaqti kelgani»ni qoʻshimcha qilgan. «Agar u gapimga quloq solganida – Oval kabinetda nima boʻlganini eslaysiz-ku – allaqachon barchasini hal qilgan boʻlardi. Balki Zelenskiyga muzokaralar olib borish uchun boshqa odamni topish vaqti kelgandir», – deydi Tramp.

2025-yil fevralida Oq uydagi Oval kabinetda AQSH prezidenti va Zelenskiy oʻrtasidagi uchrashuv chogʻida qattiq tortishuv yuzaga kelgandi.

Oʻshanda Trampning Ukraina prezidentidan asosiy talabi zudlik bilan oʻt ochishni toʻxtatish boʻlgandi. Zelenskiy avvaliga buning uchun Kiyevga samarali xavfsizlik kafolatlari kerakligini taʼkidlagandi, biroq Oq uydagi voqeadan koʻp oʻtmay Ukraina hukumati oʻt ochishni toʻxtatishga tayyorligini bildirdi. Biroq, Rossiya bu taklifni rad etdi.

Trampdan Ukrainaga razvedka maʼlumotlarini yetkazishda uchrayotgan uzilishlar haqida ham soʻralgan.

Oʻtgan haftada Zelenskiy AQSH Kiyevni Rossiyaning raketa zarbalari haqida oʻz vaqtida ogohlantirmaganini aytib chiqqandi. Yakshanba kuni esa NBC telekompaniyasiga bergan intervyusida razvedka maʼlumotlari almashinuvi tiklanganini aytdi, ammo dushanba kuni Ukraina yana Kiyev ballistik raketalar bilan oʻqqa tutilayotgani haqida toʻliq maʼlumot ololmaganidan shikoyat qildi.

«Ha, biz razvedka maʼlumotlarini beryapmiz, – dedi bu borada Tramp. – Biz Ukrainaga juda koʻp narsa beramiz. Va bilasizmi nima? Biz Ukrainaga juda koʻp narsa beramiz, ular esa bizga hech narsa bermaydi».