Tojikiston Respublikasi, Tursunzoda tumanida 73 yoshni qarshilagan Ne'matjon hoji ota 165 nafar mirishkorning boshini birlashtirib, katta fermer xo‘jaligi tashkil etgan. O‘zbekistonning Surxondaryo viloyati chegarasidan 15 km uzoqlikda joylashgan uzumzorda hamma - Bog‘dorchilik instituti talabalari, uzoq-yaqindan tashrif buyurgan sayyohlar, mamlakat rahbari Imomali Rahmon, hatto, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham mehmon bo‘lgan.
Dehqonning aytishicha, uzumchilik bilan shug‘ullanib, ish boshlagan dehqonlarning kelib chiqishi Farg‘ona vodiysidan bo‘lib, ularning ko‘pchiligi sovetlarning totalitar rejimidan panoh qidirib, shu yerlarga kelib qolgan.

«Tumanda to‘rt-besh vodiylik oila tomorqalarda uzum qilishardi. 15-20 sotix tomorqa bo‘lardi, kichik hosildan ortgani bozorga chiqarilgan. Daromad yaxshi bo‘lib, odamlar tomorqada uzumchilik bilan shug‘ullanishni boshlagan. Vaqt-soati kelib, katta yerlar berildi. Endi xo‘jaliklar tuzib, yerga ishlov berish tadbirlari zamonaviylashdi, texnikalar o‘zgardi, odamlar ishning sirini egallay boshladi», - deb gap boshladi Ne'matjon hoji Usmonov.
O‘zbekiston rahbari «Vatan» dehqon xo‘jaligi rahbari bo‘lgan bu kishiga avtomashina tuhfa etgandi.

«Captiva'ni suvenir qilib, uyga olib qo‘yganman. Prezident Surxondaryoga kelsa, albatta, borish niyatim bor. Vodiyga ilgari kam borganmiz, chunki iloji yo‘q edi. Yo‘l ochilgandan so‘ng, bir marta bordim. Qarindoshlarni ko‘rdik. Ota-bobolarimni tanigan kishilar o‘tib ketgan, yoshlar bizni ko‘rmagan. Ba'zilar bilan quda-andachilik qilamiz, shu xonadonlarga boriladi», - deya yaxshilanayotgan do‘stlik aloqalarini olqishlaydi u.
Xo‘jalik Tojikistondagi Qishloq xo‘jaligi instituti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Shuningdek, mamlakatda Bog‘dorchilik instituti bo‘lib, ular bilan ham hamkorlik qilinadi. Institut talabalari bu yerga ish o‘rgangani, tajriba uchun kelishadi.

«Yosh o‘qituvchilarni olib kelishadi. O‘zim yaqindagina So‘g‘d viloyatiga borib, 5ta tumanda fermer-dehqonlarga seminarlar o‘tib berdim», - deb aytgan u.
Fermer xo‘jalikning 105 gektar yer maydoniga otaning o‘g‘li Rasuljon rahbarlik qiladi.



















