Jahon | 11:00 / 06.01.2019
17192
3 daqiqa o‘qiladi

Foto: SpaceX va Ilon Maskning eng katta raketasining yig‘ilishi jarayoni

Foto: Twitter /elonmusk

3 yanvarda texaslik fotohavaskor Ostin Barnard tvitterda amerikalik milliarder Ilon Maskning SpaceX kompaniyasining Boka Chikadagi maydonchasida Starship raketasi prototipining yig‘ilishi jarayonidan olingan bir nechta fotosuratlar bilan bo‘lishdi. Hozircha raketa bir-biri bilan ulanmagan korpusning bir necha elementlaridan tashkil topgan.

Aslida Barnard aynan Starship’ni suratga olayotganiga ishonchi komil bo‘lmagan. Barcha shubhalarni SpaceX rahbari Ilon Maskning o‘zi boshqa bir suratga e'tibor qaratib, unda haqiqatan ham Starship’ning ilk sinovlarga mo‘ljallangan prototipi tasvirlanganini e'lon qilib yo‘qqa chiqargan. 

Koinot sohasidagi ba'zi jonbozlar maydonchadagi ko‘rganlaridan raketa noodatiy shaklga va qurilishga egaligini va shu sababli uchishi dargumonligini aytishgan.

Starship’ni yaratish ustidagi ishlar mart oyida SpaceX ishlarni o‘tkazish uchun hududni lizingga olgandan keyin boshlangan. Dastlabki rejaga ko‘ra, raketaning ilk sinov parvozlari 2018 yil oxirigacha o‘tkazilishi kerak edi.

Bu o‘ta og‘ir raketa dastlab Starship emas, balki Big Falcon Rocket (BFR) deb atalgan, biroq Mask uni noyabrda qayta nomlagan. Raketaning birinchi versiyasida ikkita pog‘ona bo‘ladi: birinchi pog‘ona Super Heavy deb atalib, u Yerning tortish kuchini yengish uchun ishlatiladi va boshqa sayyoralararo parvozlar uchun kerak emas; ikkinchisi esa Starship deb atalib, unda ekipaj joylashadi.

SpaceX kompaniyasi Starship’ni yaratishni tezlashtish uchun boshqa bir raketasi – Falcon 9’ni takomillashtirish ishlarini to‘xtatib qo‘ygan. Rejaga ko‘ra, Starship’ning Marsga ilk parvozi ekipajsiz 2022 yilda o‘tishi kerak. Ilk boshqariluvchi parvoz esa 2023 yilda amalga oshirilishi mo‘ljallanmoqda: raketa jamoasi Oy atrofida aylanib, Yerga qaytishi kerak.

Mavzuga oid