Sevinch yoshlari qayg‘u yoshlariga aylanishi. Past Darg‘omda nogironligi bo‘lgan ona yana aldanmoqda
Kun.uz saytida 2018 yilning 28 dekabr kuni «Nogironligi bo‘lgan ona yana aldanib qolmasin — Pastdarg‘omcha «fonogramma» «jonli ijro»ga aylanarmikan?» sarlavhasi ostida material e'lon qilingan edi.
Unda Past Darg‘om tumanida yashovchi, ikki farzandning onasi, I guruh nogironligi bo‘lgan Sevara Nurmurodovaga Past Darg‘om tumani hokimligi tomonidan 2017 yil 24 dekabrda ikki xonali uy berilgani, aslida bu uy boshqa fuqaroga tegishli bo‘lgani, uy tortib olinayotgani yoritilgan edi.
Ushbu murojaatning o‘rganish jarayonida, Past Darg‘om tumani hokimining qurilish masalalariga mas'ul o‘rinbosari Tolib Hamzayev uyning haqiqiy egasi boshqa yerdan qurilayotgan yangi uy-joylardan olishga rozi bo‘lsa, Sevara Nurmurodovaga shu uyni rasmiylashtirib berishlari mumkinligini aytgandi. Bu masala yuzasidan uyning haqiqiy egasi bilan suhbatlashganimizda, u ham boshqa joydan uy berilsa, bu uy Sevara Nurmurodovaga rasmiylashtirib berilishiga e'tirozi yo‘qligini bildirgandi.
Past Darg‘om tumani hokimining qurilish masalalariga mas'ul o‘rinbosari Tolib Hamzayev bu masala yuzasidan zarur hujjatlar bir haftada rasmiylashtirilishini aytgandi.
Lekin o‘tgan vaqt ichida bu ishda siljish kuzatilmagan.
«Tuman hokimligi mutasaddilari bu muammo yuzasidan hech qanday ish qilishgani yo‘q. Yana aldashda davom etishmoqda. To‘g‘risi, ularga ishonchim qolmagan. Masala yechim topishiga ham ishonmayapman. Faqat va'dalar bilan cheklanishayapti», – deydi Sevara Nurmurodova biz bilan suhbatda.
Ushbu holat yuzasidan Past Darg‘om tumani hokimining qurilish masalalariga mas'ul o‘rinbosari Tolib Hamzayev bilan bog‘landik. U yana bu muammo yaqin kunlarda hal etilishi haqida aytdi.
Bu va'dani murojaatni o‘rganish davomida ham eshitgandik. Ammo amaliy harakat bo‘lmadi. Pastdarg‘omcha «fonogramma» davom etdi.
Avvalgi maqolada ta'kidlanganidek, aslida boshidan hammasi aldovlar aralashmasdan amalga oshirilganda, shuncha muammo yuzaga kelmasdi. Nogironligi bo‘lgan ayol ham shunchalik ovora bo‘lmasdi. Uning ko‘zlaridan bir yil avval to‘kilgan sevinch yoshlari bugunga kelib qayg‘u yoshlariga aylanmasdi.
Kun.uz tumanning yangi rahbari Shunqor Farmonovich Xudoyberdiyev bu masalaga e'tibor qaratishiga, hokimlik mazkur muammoni hal etishiga umid bildiradi va voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.
Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
23:03 / 08.11.2024
Samarqandda uyda tayyorlangan konserva mahsulotlaridan yegan bir oilaning 4 a’zosi zaharlandi
20:07 / 15.05.2024
Xandaqqa qulagan uy. Nega bunday bo‘ldi?
17:45 / 15.05.2024
Samarqandda kotlovan noto‘g‘ri qazilishi oqibatida qo‘shni uy qulab tushdi
16:07 / 21.09.2023