Jahon | 14:47 / 18.01.2019
10291
2 daqiqa o‘qiladi

Qodirov amaldorlarga har haftada xalq oldida hisobot topshirishga buyruq berdi

Foto: RIA Novosti / Maksim Blinov

Checheniston rahbari Ramzon Qodirov vazirlar va mahalliy ma'muriyatlar rahbarlari zimmasiga televideniyeda har haftada bevosita muloqot orqali aholining dolzarb savollariga javob berish majburiyatini yukladi. Bu haqda Checheniston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

«Respublika hukumati vazirlari va rayonlar rahbarlari aholini tashvishga solayotgan savollarga javob berishlari, qayerda qanday muammolar borligi va qanday hal qilinayotgani haqida «Grozniy» telekanali orqali xalq bilan bevosita muloqot o‘tkazishlari shart. Ularga bevosita muloqotni har haftada o‘tkazish taklif qilindi», deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Qodirov har bir amaldor o‘z idorasi va yo‘nalishida javobgar bo‘lgan ishlar haqida to‘liq ma'lumotga ega bo‘lishi, hokimiyat ishi samaradorligini oshirish uchun ishlarni to‘g‘ri olib borishi shartligini ta'kidlagan.

«O‘z ishi haqida hech qanday tasavvurga ega bo‘lmaganlar o‘z joylarini bo‘shatishlariga to‘g‘ri keladi. Bu o‘tgan yili eng past natija ko‘rsatgan, ammo birinchi chorakda vaziyatni o‘nglay olmagan shahar va rayonlar rahbarlariga tegishli», degan respublika rahbari.

U shuningdek, respublika rahbarining topshiriqlari bajarilishi yuzasidan qat'iy nazorat o‘rnatilishini talab qilgan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid