Bugun, 20 yanvar kuni Al-Ayn shahridagi «Xalifa bin Zayd» stadionida Osiyo Kubogi nimchorak finali doirasidagi Avstraliya–O‘zbekiston uchrashuvi oldidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Uning ikkinchi qismida O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper va yarimhimoyachi Jaloliddin Masharipov ishtirok etdi.
«Ertangi o‘yinning ahamiyatini tushunib turibmiz. Bu endi guruh bosqichi emas. Avstraliya ancha murakkab raqib. Osiyoning eng yaxshi terma jamoalaridan. Biz o‘z xatolarimizni to‘g‘rilashimiz kerak. O‘yinimizda ba'zi o‘zgarishlarni bo‘ladi, ammo butunlay boshqacha uslubda to‘p surmaymiz», – deya o‘yinoldi fikrlarini bildirdi Kuper.
«Birinchi tur o‘yinida biroz hayajon bo‘ldi. Turkmaniston bilan o‘yinda esa o‘zimizga ishonchimiz yuqori ekanini ko‘rsata oldik. Yaponiyaga qarshi bahsda mag‘lub bo‘lgan bo‘lsak-da, bu yigitlarning o‘ziga bo‘lgan ishonchiga ta'sir qilgani yo‘q. Avstraliya bilan o‘yindan oldin hech kimda hech qanday qo‘rquv yo‘q», – ta'kidladi Masharipov.

– Avvalroq pley-offning murakkab o‘yinlari uchun muqobil rejalaringiz borligi haqida aytgan edingiz. Ertaga ana o‘sha zaxira rejalaringizni qo‘llaysizmi?
– O‘yinning borishiga qarab, zaxira variantlari va boshqa muqobil rejalarim bor. Odatda jamoalar o‘z o‘yin uslubi va rivojlanish yo‘nalishiga ega bo‘ladi. Bu yerda «o‘yin falsafasi» so‘zini ishlatishni istamagan bo‘lardim, chunki bu juda keng ma'noni anglatadi. Shuning uchun «yo‘nalish» deb atagan bo‘lardim. Biz ham ana shunday o‘z uslubimiz, o‘z yo‘nalishimizga ega bo‘lishga intilganmiz. Albatta, Avstraliyaning o‘ziga xosliklaridan kelib chiqib, raqibning ustun jihatlarini to‘sib qo‘yish uchun ba'zi o‘zgarishlarga qo‘l uramiz. Shu bilan birga, raqibga qarab o‘z yo‘nalishimizni butunlay o‘zgartirib ham yubormaymiz. Chunki bizning ham o‘ziga xosliklarimiz, boshqalardan farqlanuvchi jihatlarimiz, o‘z uslubimiz bor. Shunga ham ehtiyotkor bo‘lish kerakki, ba'zi kichik o‘zgarishlarni amalga oshirganda bu butun o‘yin tizimiga ta'sir qiladi.
– Jahon chempionatida ishlagan murabbiy ekaningiz sababli muxlislar katta raqiblarga qarshi o‘yinlarda sizdan yaxshiroq natijalar kutishadi. Eron va Janubiy Koreya bilan o‘yinlar o‘rtoqlik o‘yini edi, dedik. Lekin rasmiy bahsda Yaponiyaga ham yutqazdik. Endi oldimizda Avstraliya. Kuchli jamoalarni nega yuta olmayapmiz?
– Biz Osiyo Kubogiga raqibimiz kimligidan qat'i nazar barcha o‘yinlarda g‘alaba qozonish uchun kelganmiz. Ha, Yaponiyaga imkoniyatni boy berdik. Lekin hozir jamoaning bor e'tibori va energiyasi musobaqada iloji boricha uzoqroqqa borishga va yaxshi niyat qilaylik, Osiyo chempioni bo‘lishga qaratilgan. Ayni damda nima uchun Eron, Koreya va Yaponiya kabi kuchli jamoalarga yutqazayotganimizni tahlil qilib o‘tiradigan payt emas. Chunki har 3-4 kunda o‘yin o‘tkazyapmiz, keyingi uchrashuvga qadar tiklanishga ulgurishimiz zarur. Shunday sharoitda bu mavzuni tahlil qilish mavridi emas. Hozir negativ emas, aksincha pozitiv narsalar haqida o‘ylashimiz kerak.
















