Prezident Şavkat Mirziyoyev 7-oktabr kuni Taʼlim va ilm-fan vazirligi faoliyatini taşkil etiş hamda taʼlim tizimining barça bosqiçlarida amalga oşirilişi lozim bölgan ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanişdi.
Yaqinda prezident farmoni bilan Maktabgaça va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi yagona Taʼlim va ilm-fan vazirligi sifatida qayta taşkil etildi. Bundan közlangan maqsad taʼlim, tarbiya va ilm-fanning yaxlit tizimini şakllantiriş, taʼlim sifati va samaradorligini oşiriş, inson kapitalini rivojlantiriş işlarini yangi bosqiçga olib çiqişdir.
Yangi vazirlik oldiga maktabgaça taʼlimdan oliy taʼlimgaça bölgan bosqiçlar va ilmiy faoliyat örtasida uzviylikni taʼminlaş, tizimni yagona yondaşuv asosida boşqariş vazifasi qöyilgan. Bunda taʼlim mazmunini zamon va mehnat bozori talablariga moslaştiriş, raqobatni rivojlantiriş, xususiy sektor iştirokini kengaytiriş hamda sohaning jamoatçilik oldidagi hisobdorligini oşiriş muhim ahamiyatga ega.
Taqdimotda yangi vazirlik faoliyatini joylardagi haqiqiy holatga tayanib taşkil etiş, takrorlanuvçi vazifalarni qisqartiriş va hududiy böğinlar masʼuliyatini kuçaytiriş masalalari körib çiqildi. Boşqaruvni raqamlaştiriş va tahliliy salohiyatni oşiriş qarorlarni işonçli maʼlumotlar asosida qabul qilişga xizmat qilişi taʼkidlandi.
Maktabgaça taʼlimda bolani har tomonlama rivojlantiriş, dastur va metodikalarni yangilaş hamda tarbiyaçilar malakasini oşirişga eʼtibor qaratildi. Şuningdek, bolalarning qiziqiş va qobiliyatlarini erta aniqlaş, taʼlim muassasalarida zamonaviy şaroitlar yaratiş böyiça takliflar bildirildi.
Maktab taʼlimida darsliklarni yangilaş, öquvçilarning bilim va amaliy könikmalarini izçil rivojlantiriş hamda ularni baholaş tizimini takomillaştiriş masalalari muhokama qilindi. Pedagoglarga metodik yordam körsatişda sunʼiy intellektdan foydalaniş, ayrim maktablarda ingliz tilida taʼlim beriş tajribasini ötkaziş va xususiy sektor iştirokini kengaytiriş taklif etildi.
Kasbiy taʼlim böyiça yoşlarning qiziqişlarini erta aniqlaş, texnikumlar dasturlarini mehnat bozori talablariga moslaştiriş va ularning moddiy bazasini mustahkamlaşga alohida ahamiyat berildi. Korxonalar bilan hamkorlikda dual taʼlimni kengaytiriş, xalqaro dasturlar va zamonaviy öquv materiallarini joriy etiş masalalari körib çiqildi.
Oliy taʼlimda universitetlar mustaqilligini kengaytiriş, boşqaruv sifatini va rahbarlarning natija uçun masʼuliyatini oşiriş taklif qilindi. Şu bilan birga, yetakçi xorijiy oliygohlar bilan hamkorlikni rivojlantiriş, taʼlimni işlab çiqariş bilan yaqinlaştiriş va talabalarning amaliy tayyorgarligini kuçaytiriş masalalari muhokama qilindi.

















