25 yanvar kuni Toshkent shahrida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari: ilk natijalar va kelgusi rejalar” mavzusidagi xalqaro anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjuman O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Administratsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Bosh prokuratura, “Yuksalish” umummilliy harakati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, BMTning O‘zbekistondagi Taraqqiyot dasturi, Shveytsariya Konfederatsiyasi hamda AQSh davlat departamenti kabi xalqaro tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirda 250 dan ziyod soha mutaxassislari – mahalliy hokimiyat, mutasaddi vazirlik va idoralar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus, ekspertlik hamjamiyati hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Kun davomida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida o‘tgan yilda amalga oshirilgan ishlar, qishloq hududlarida sarmoyaviy loyihalarning amalga oshirilishini monitoring qilishga fuqarolarni jalb qilish, tashkiliy mexanizmlar va moliyalashtirish bo‘yicha maqsadli jamg‘armalarni shakllantirish kabi masalalar muhokamada bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Muhammadiyev:
– Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Turkiyaning xalqaro hamkorlik agentligi va boshqa xalqaro tashkilotlarning mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlayotgani insonparvarlik siyosati hech qanday chegara, hudud va xalq tanlamasligidan dalolat beradi.
Mamlakatimiz rahbari g‘oyasi bilan bugun xalqimizni hayotdan rozi qilishning, yurtimiz yangi qiyofasini yaratishning eng samarali mexanizmlaridan biriga aylanib ulgurgan “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlariga Prezidentimizning virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar tahlili asos bo‘ldi.
Xalqaro tajribaga tayansak, iqtisodiy rivojlanish avvalo qishloq joylarni rivojlantirishdan, qishloq odamlari hayoti darajasini oshirishdan, ularning ongi va dunyoqarashini o‘zgartirishdan boshlanadi.
Virtual va Xalq qabulxonalariga yillar davomida minglab qishloq joylarida zarur shart-sharoitlar yaratib berilmagani, aholining turmush darajasi va yashash sharoitini yaxshilashga yetarlicha e'tibor qaratilmagani, kommunal infratuzilma obektlari eskirib qolgani, uylar qurilishi, yo‘llar, ijtimoiy obektlarning (maktab, bog‘cha, poliklinikalar v.b) ta'mirtalabligi, aholi dam olish maskanlari mavjud emasligi, jamoat transport qatnovlari, davlat xizmatlari qo‘rsatish darajasi juda pastligi bo‘yicha ko‘plab murojaatlar kelib tushgan. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini murojaatlar bilan ishlash jarayonida aniqlangan mamlakatning chekka va olis qishloqlaridagi ana shunday o‘tkir muammolarga amaliy yechim sifatida ko‘rish mumkin.

















