Jahon | 18:50 / 03.02.2019
18637
2 daqiqa o‘qiladi

Kabo-Verdeda rossiyalik dengizchilar hibsga olindi

Foto: YAY/TASS

Kabo-Verdeda yanvar oyi oxirida qo‘lga olingan 11 nafar rossiyalik dengizchi ustidan sud jarayoni bo‘lib o‘tdi.

Rossiyaning ushbu davlatdagi elchixonasi ma'lumot berishicha, sud 9,5 tonna miqdoridagi kokain kontrabandasida gumon qilingan dengizchilarni hibsda qoldirish haqida qaror chiqargan.

«Sud o‘tkazildi. Sudya qo‘lga olinganlarni qamoqda qoldirish haqida hukm chiqardi», deyilgan Rossiyaning Kabo-Verdedagi diplomatik missiyasi vakili bergan xabarda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik dengizchilar Kabo-Verde poytaxtidagi Prai shahridagi qamoqxonada saqlanmoqda.

Dengizchilar 31 yanvar kuni Pray portida, Panama bayrog‘i ilingan «Eser» kemasida qo‘lga olingan. Kema Janubiy Amerikadan Marokashga suzayotgandi, ammo u dengizchilardan birining vafoti tufayli Kabo-Verdeda to‘xtagandi.

Bortda o‘tkazilgan tekshiruv vaqtida politsiya kemada katta miqdordagi narkotik moddalar olib ketilayotganini aniqlagandi.

Reuters agentligi ma'lumotiga ko‘ra, musodara qilingan narkotiklar mamlakat tarixidagi eng yirik partiya bo‘ldi.