O‘zbekiston | 17:53 / 13.02.2019
6591
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda birinchi marta Baxshichilik san'ati xalqaro festivali bo‘lib o‘tadi

4-10 aprel kunlari Termiz shahrida Baxshichilik san'ati xalqaro festivali o‘tkaziladi, deya xabar beradi uzbekistan.travel.

Ilk marta Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan jamoatchilikni o‘zbek baxshichiligining betakror namunalari bilan tanishtirish, yoshlar orasida milliy folklorga bo‘lgan qiziqishni oshirish, qardosh xalqlar o‘rtasida do‘stlik aloqalarini mustahkamlash, ijodiy aloqalar va madaniy hamkorlik doirasini xalqaro ko‘lamda kengaytirish maqsadida Termizda Baxshichilik san'ati festivali bo‘lib o‘tadi. 

Tadbirda vazirlik va idoralar, diplomatik korpuslar, xorijiy va mahalliy OAV, madaniyat va san'at yo‘nalishi mutaxassislari, xorijiy san'atkorlar, xalq roviy-baxshilari va shunchaki Sharq madaniyati ixlosmandlari ishtirok etishadi. 

Festivaldan nimalarni kutish mumkin? Birinchi kun bayram sayllari, Surxondaryo San'at saroyi maydonidagi badiiy va ijodiy jamoalarning konsert dasturlari bilan boshlanadi. San'at saroyiga tegishli hududda hamda “Bolajon” xiyobonida baxshichilik san'atiga bag‘ishlangan ko‘plab ko‘rgazmalar, milliy musiqiy cholg‘u asboblar va liboslar, hunarmandlar mehnat mahsuli, tasviriy va amaliy san'at asarlari yarmarkasi  o‘tkaziladi.

5 aprel kuni oqshomda San'at saroyi maydonida Baxshichilik san'ati xalqaro festivalining tantanali ochilish marosimi va festival ishtirokchilari hamda mehmonlari uchun maxsus konsert dasturini o‘tkazish rejalashtirilgan. 

Uchinchi kun, 6 aprelda Termiz shahridagi “Baxshi” maktabida “Baxshichilik san'atining jahon madaniyati sivilizatsiyasidagi roli” mavzusidagi ilmiy-nazariy anjumani ochilishi bo‘lib o‘tadi, majlislar to‘rt kun – 9 aprelgacha o‘tkaziladi.  

Festival kunlari davomida Surxondaryo San'at saroyi va “Bolajon” xiyobonida ijodiy ansambllar, xorijiy va mahalliy san'atkorlarning chiqishlari kutilmoqda. Kechki dasturlarni soat 17:00dan 24:00 gacha kuzatish mumkin.

10 aprel kuni kechqurun San'at saroyi maydonida Festivalning rasmiy yopilish marosimi va turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish