Hayvonlarni boqish sohasidan sal bo‘lsa-da xabari bor kishi bu suv o‘simligining tarkibini eshitib hayratda qoladi. Avvalo shuni aytish kerakki, quritilgan holatda uning tarkibida tabiiy sharoitda 30%, maxsus sharoitda yetishtirilganda 45% (!)gacha oqsil mavjud bo‘ladi. Almashtirilmaydigan aminokislotalar (arginin, lizin) miqdori bo‘yicha esa bu o‘simlik makkajo‘xoridan yuqori turadi. Bundan tashqari tarkibida yog‘lar, uglevodlar, kletchatka, asparag va glyutamin kislotalari, fitosterinlar, flavonoidlar, diterpenoidlar, karotinoidlar, aromatik va yog‘ kislotalari, fosofolipidlar, azotli birikmalar, triterpen birikmalar, oshlovchi moddalar bor. Tarkibida yana polisaxaridlar, sulfolipidlar, muhim mikroelementlardan brom, yod, fosfor, kalsiy, kremniy, magniy, mis, temir, sink, marganets, kobalt, nikel, titan, vanadiy, radiy, sirkoniy va hatto oltin, vitaminlardan V gruppasi, A, RR, Ye mavjud.
Tanishing – Kichik ryaska (Lemna minor ) Araceae oilasiga mansub ko‘p yillik yuksak suv o‘simligi bo‘lib, suv yuzasida suzib o‘sadi. Lemna minor organik moddalarga boy har qanday ko‘lmak suvlarida o‘sib ko‘payadigan, sovuq va issiq havoga chidamli dorivor suv o‘simligi xisoblanadi. Lemna minor ning barglari va ildizchalari mavjud bo‘lib, asosan vegetativ yo‘l bilan ko‘payadi. O‘simlikning kattaligi 5-6 mm ni tashkil etadi. Ryaska fotosintez jarayonida ko‘p miqdorda kislorod ajratib chikaradi va suv havzalarini tozalashdagi roli ham yuqori.

Ilmiy adabiyotlarda keltirilishicha, o‘tgan asrning 70-yillarida o‘tkazilgan tajribalar natijasida O‘zbekiston sharoitida bu o‘simlik bir gektar maydonda 260 tonnagacha hosil berishi mumkinligi ko‘rsatilgan.

Ryaskani yetishtirish uchun sayoz ko‘lmaklar, bo‘sh yotgan ko‘llar, daryo irmoqlari, sun'iy va tabiiy hovuzlardan foydalansa bo‘ladi. Hosil haftasiga ikki marta yig‘ishtirilib olinadi. Quritib olib saqlab qo‘ysa bo‘ladi. Suv ustida qalin qatlam hosil qiladi va shu bilan zararkunanda o‘tlarning rivojlanishiga yo‘l bermaydi. Yuqori biomassa olish uchun suvga mineral yoki madaniy o‘g‘itlar me'yorida tashlab turiladi. Shu bilan birga yaxshi natijaga erishish uchun uni nazorat qilib turish, hosilni o‘z vaqtida yig‘ib olish lozim. Bu o‘simlikning optimal o‘sishini, yuqori hosil berishini ta'minlaydi. Uni ho‘l holida ham, quritilgan holida ham hayvon, parranda va baliqlarga bersa bo‘ladi.








