Qozog‘iston O‘zbekistonga neft yetkazib berishga tayyor
Qozog‘iston O‘zbekistonga yiliga 5 million tonnagacha neft yetkazib berishga tayyor, ammo buning uchun tegishli infratuzilmani yaratish zarur. Bu haqda mamlakat energetika vaziri Kanat Bozumbayev xabar berdi, deb yozmoqda Kursiv.kz.
«Bugungi kunda neft sohasida, O‘zbekistonning neftga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida, 2018 yilda biz 260 ming tonnadan ziyod mahsulot yetkazib berdik. Qozog‘iston Kenkiyak-Qumqol neft quvuri orqali, keyin Shagirt stansiyasidagi temir yo‘l sisternalariga o‘tkazgan holda O‘zbekistonga o‘z resurslaridan neft yetkazib berishni davom ettirishga tayyor. Ayni paytda ushbu yo‘nalish bo‘yicha tarif bir tonna uchun 25,12 dollarni tashkil qiladi. O‘zbekistonning murojaatiga ko‘ra Rossiya Federatsiyasi yiliga 1 million tonnagacha neftni O‘zbekistonga yetkazib berish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Qozog‘iston tranzit tomon sifatida ko‘riladi», - dedi u, Qozog‘iston Respublikasining «Qozog‘iston Respublikasi hukumati va O‘zbekiston Respublikasi hukumati o‘rtasida energetika sohasidagi hamkorlikning ayrim masalalari bo‘yicha hadli bitimni ratifikatsiya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini taqdim etib.
Qozog‘istonning o‘zi ham O‘zbekistonga neft yetkazib berishdan manfaatdor.
«O‘zbekiston yiliga 5 million tonna neftni, shu jumladan, Qozog‘istondan 2 million tonnagacha, Rossiyadan esa - 3 million tonnagacha sotib olishga qiziqish bildiryapti. Shuningdek, faqat Qozog‘istondan 5 million tonna mahsulotni yetkazib berish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda», - dedi Bozumbayev.
O‘zbekistonga 5 mln tonnagacha bo‘lgan neftni barqaror yetkazib berish uchun transport infratuzilmasiga sezilarli sarmoya kiritilishi kerak, aynan esa, Rossiya neftining Qozog‘iston hududi orqali tranzitida TON-2 neft quvurini hozirgi 11 mln tonnadan 17,5 mln tonnagacha kengaytirish talab qilinadi.
Shu bilan birga, «Trudovoye» neft stansiyasini rekonstruksiya qilish kerak - taxminiy investitsiyalar 70,6 million dollarga teng. Yiliga 5 million tonnalik quvvatga ega bo‘lgan, Qozog‘iston janubini O‘zbekiston bilan bog‘laydigan yangi neft quvuri qurilishi 133,5 million dollarga tushadi.
«Zarur investitsiyalar hisobga olingan holda, Qozog‘istondan O‘zbekistonga neft tashishga tarif bir tonna uchun 60 dollarni, Rossiyadan neft tranzitida esa bir tonnaga 38 dollarni tashkil qilishi mumkin. Qozog‘istondan O‘zbekistonga yetkazib berish Qozog‘iston g‘arbiy hududlaridan, asosan, Tengiz, Qashag‘an va Qorachaganoq konlaridan amalga oshirilishi mumkin bo‘ladi», - dedi Bozumbayev.
Mavzuga oid
01:04
Qozog‘istonga qulagan AZAL samolyoti bo‘yicha dastlabki tergov ma’lumotlari 30 kun ichida taqdim etiladi
17:25 / 30.12.2024
Qozog‘iston halokatga uchragan AZAL samolyoti «qora quti»larini Braziliyaga jo‘natadi
16:01 / 30.12.2024
Qozog‘istonda og‘ir ahvolga tushib qolgan o‘zbekistonlik migrantlarga yordam ko‘rsatildi
14:08 / 30.12.2024