12:58 / 02.03.2019
33318

«Bunyodkor» klubi Babayanni kafillikka olgan xat oshkor bo‘ldi

Foto: KUN.UZ

2018 yil 15 yanvar kuni O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasining Ijro qo‘mitasi byurosi 3-sonli qarori bilan milliy terma jamoaning sobiq bosh murabbiyi Samvel Babayanni «Paxtakor» klubi futbolchilarining shartnomasi bilan bog‘liq qallobliklarni amalga oshirganlikda, shuningdek, milliy terma jamoadan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanganlikda» ayblab, futboldagi faoliyatdan umrbod chetlatgan edi.

Biroq, oradan 2 hafta o‘tgach, 1 fevral kuni «Bunyodkor» klubining Babayanni kafillikka olishi haqidagi xatga asosan, bu qaror bekor qilingan.

2018 yil 29 yanvar kuni jo‘natilgan bu xatda «Bunyodkor» klubi Babayanga kafil bo‘lish tashabbusini bildirgan.

«Mazkur intizomiy jazolar qo‘llanilganidan so‘ng xorij matbuotida paydo bo‘lgan millatchilik g‘oyalariga to‘la asossiz fikrlariga nisbatan Samvel Babayan o‘zining vatanparvarlik pozitsiyasini ifoda etib, muammoning yanada chuqurlashishiga yo‘l qo‘ymadi va o‘z aybini tan oldi hamda uni kechirishlarini iltimos qildi. «Bunyodkor» klubi S.Babayanga shaxsiy kafil bo‘lish tashabbusini bildiradi va unga nisbatan qo‘llanilgan intizomiy chorani yengillatishni so‘raydi», - deyiladi «Bunyodkor» klubining o‘sha paytdagi direktori Murod Aliyev tomonidan imzolangan xatda.

Qayd qilish joizki, Samvel Babayanni futboldagi faoliyatdan umrbod chetlatilishi haqidagi qaror e'lon qilinganidan so‘ng, Armenian Report sayti jurnalisti Tevos Arshakyan o‘z maqolasida buni o‘zbeklarning armanlarga nisbatan nafrati va hasadi bilan izohlagan edi. 

Shundan so‘ng, Babayan unga javoban: «Sizning provakatsion maqolangizni o‘qib men taajjubga tushdim: sizning asl vaziyatdan xabardor bo‘lmay turib, bizning mamlakatimizda millatchilik borligi haqida yozishga qanday ma'naviy haqqingiz bor? Men, Babayan Samvel, shu buyuk mamlakatning fuqarosi ekanligimdan faxrlanaman. Men o‘zbek mahallasida tug‘ilib o‘sdim, gapirishni o‘rganib, ilk aytgan so‘zlarim ham o‘zbekcha bo‘lgan. Menga o‘z vatanimga bo‘lgan muhabbat va vatanparvarlik ruhi ona suti bilan kirgan, o‘z farzandlarim va O‘zbekiston faxri bo‘lgan shogirdlarimga ham shunday tarbiya beraman», - deb javob qaytargan edi.

Eslatib o‘tamiz, 26 fevral kuni Samvel Babayan «Lokomotiv» klubi prezidenti Mansur Radjapovga maslahatchi etib tayinlandi

Shundan so‘ng, O‘FA Babayanning diskvalifikatsiyasi haqidagi qaror 2018 yil 1 fevral kuni bekor qilinganini tan oldi . Biroq, nega bu 1 yil davomida yashirilganiga izoh bermadi.

Kun.uz saytiga bergan intervyuda  O‘FA nega bu qarorni rasman e'lon qilmadi degan savolga Babayan: «buni oshkor qilmaslikni iltimos etishdi», deb javob berdi.

Top