Sport | 10:40 / 11.03.2019
26938
3 daqiqa o‘qiladi

Isroil Madrimov rejalari bilan o‘rtoqlashdi: u meksikalik yengilmas jahon chempioniga qarshi jang qilmoqchi

Professional boksning super yarim o‘rta (-69,85 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan Isroil Madrimov (2-0, 2 KO) yil so‘ngiga qadar mazkur vazn toifasining WBO yo‘nalishi bo‘yicha chempioni, meksikalik Xayme Mungiyaga (32-0, 26 KO) qarshi ringga chiqmoqchi.

«Yil so‘ngiga qadar jahon chempionligi kamari uchun jang qilishni reja qilganmiz. Bu beshinchi yoki oltinchi jangimizda bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Promouterlarimga mazkur vazn toifasida yengilmas bo‘lib turgan Xayme Mungiya bilan jang qilish niyatidaligimni aytdim. Bu jangni iloji boricha yil so‘ngiga qadar tashkillashtirish niyatidamiz.

Agar bu jang yil so‘ngiga qadar amalga oshmasa, keyingi yil boshida bo‘lsa ham o‘tkaziladi. Asosiysi, mana shu yil so‘ngiga qadar u bilan jang qilish bo‘yicha kelishib olish yoki jangni shu yildayoq o‘tkazish», deya Madrimovning so‘zlarini keltirmoqda GoSport manbasi.

Eslatib o‘tamiz, Isroil Madrimov 9 mart kuni (Toshkent vaqti bilan 10 mart) AQShda bo‘lib o‘tgan boks oqshomida venesuelalik Frenk Roxasni (24-3, 23 KO) ikkinchi raundda chuqur nokautga uchratib g‘alaba qozondi va o‘zining WBA InterContinental kamarini himoya qildi. Ayni vaqtda Madrimov WBA reytingida 9-o‘rinda bormoqda. U hozircha WBO reytingida qayd etilmagan.

Ma'lumot uchun, yengilmas Xayme Mungiya 22 yoshda bo‘lishiga qaramasdan, faoliyatidagi 32 jangining barchasida g‘alaba qozongan.

2018 yilning 12 may kuni Sadam Alini mag‘lub etib mazkur chempionlik kamarini qo‘lga kiritgan. Shundan so‘ng yana uch marta ushbu kamarini himoya qilishga ulgurgan. 13 aprel kuni u Meksikada irlandiyalik Dennis Huganga (28-1-1, 7 KO) qarshi jangda WBO chempionlik kamarini himoya qiladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid