Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “2019/2020 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi joylashtirildi.
Hujjatda qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda davlat hamda xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar ishtirokida:
oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish va ish beruvchilarning oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilariga bo‘lgan davlat ehtiyojining parametrlari ishlab chiqilgan;
aniq yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorgarlikka ega bo‘lgan oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilariga nisbatan istiqbolga mo‘ljallangan davlat buyurtmasi, hamda bitiruvchilarning mutaxassisliklari bo‘yicha ishga joylashuvi yuzasidan olib borilgan monitoring natijalari asosida, davlat ehtiyojlari uchun 2019/2020 o‘quv yilida oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish parametrlari shakllantirilgan.
Belgilanishicha, 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab:
oliy ta'lim muassasalariga qabul iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning maqsadli investitsion loyihalarni inobatga olgan holda Davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan sohalar uchun oliy ma'lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojning Davlat buyurtmasi asosida;
qo‘shimcha qabul parametrlari oliy ta'lim muassasalari tomonidan mavjud quvvatlari va professor-o‘qituvchilari tarkibi hamda real bozor ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, mustaqil ravishda amalga oshiriladi.
Imtihon fanlari bloki va ketma-ketligining mosligini hisobga olgan holda, 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab abituriyentlarga bir vaqtning o‘zida bir nechta oliy ta'lim muassasasi (ta'lim yo‘nalishi)ga hujjat topshirish huquqi berilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, tasarrufida oliy ta'lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar bilan birgalikda abituriyentlarni bir vaqtning o‘zida bir nechta oliy ta'lim muassasasiga hujjat topshirish imkoniyatini beruvchi mexanizmni ishlab chiqib Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini ta'minlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tasdiqlanadi.
















